14-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qildi.
O'zbekistonda kreativ iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda. Sohada faoliyat ko‘rsayotganlarning 98 foizi yoshlar.
O‘tgan yili kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha alohida qonun qabul qilinib, huquqiy asoslari belgilandi.
Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da namunaviy “Kreativ park” tashkil qilindi.
Endi, kreativ industriya parklari hududlarda ham barpo etiladi. Ular zarur resurs va infratuzilma bilan taʼminlanadi.
Kreativ industriya parki rezidentlariga 2030-yil yakunigacha imtiyozli soliq rejimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy va daromad soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi, rezidentlar tovarlarni realizatsiya qilish hajmidan qatʼi nazar aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar bo‘ladi.
Parklar negizida kreativ soha vakillarini o‘qitadigan biznes maktablari tashkil qilinadi. Ushbu maktablarda yoshlar yangi va zamonaviy biznes yuritish hamda elektron tijorat kabi xizmat ko‘rsatishning innovatsion usullarini o‘rganadi.
Inson uchun ona tili bilan birga xorijiy tillarni bilish dunyoga chiqishda juda muhim. Ayniqsa, tijoratda buning o‘rni beqiyos.
Endi, xorijiy tillardan “C1” darajasiga ega bo‘lgan yoshlar tashabbus ko‘rsatib, olis va chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochsa, ularga 120 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Shuningdek, mehnat bozoriga til biladigan yoshlar kirib kelishini rag‘batlantirish uchun xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlarga xarajatlari “2+6” shaklida qoplab beriladi. Bunda o‘quv xarajatlarining dastlabki 2 oyi o‘quvchilarning o‘z mablag‘idan, qolgan 6 oyi davlat hisobidan to‘lab beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40302 | Инструменты