Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Yangi yil arafasida kuni bir guruh ustoz sanʼatkorlar, tizimda uzoq yillar faoliyat yuritgan va hozir nafaqada boʻlgan, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj mehnat faxriylari holidan xabar olib, ularga bayram sovgʻalarini topshirdi.
Oʻzbekiston xalq artisti Gulsara Yoqubova joriy yilda 86 yoshni qarshiladi. 1965-2003-yillarda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining «Lazgi» ashula va raqs ansambli solisti boʻlib faoliyat yuritgan ushbu sanʼatkor 1968-yilda mazkur ansamblga rahbarlik qilgan.
Gulsara Yoqubova nafaqat betakror ovoz sohibi, balki sahnada Salomat («Toshbolta oshiq»), Jonsuluv («Koʻngil qizlari»), Shakaroy («Ishqing bilan») kabi rollarni ijro etgan mahoratli aktrisadir. U 35-yildan ortiq ijodiy faoliyati orqali oʻzbek milliy sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshgan, buning uchun yuksak unvonlar bilan taqdirlangan.
2022-yil «Turkiston» sanʼat saroyida ustoz sanʼatkor tavalludining 85-yilligiga bagʻishlab, yubiley konserti boʻlib oʻtgandi. Oʻsha kuni Gulsara Yoqubova «Madaniyat va sanʼat fidokori» koʻkrak nishonibilan taqdirlangan.
Miniatyuralar teatridagi chiqishlari orqali tomoshabinlar koʻnglidan joy olgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Roza Karimova ayni paytda 87 yoshda. Uzoq yillar milliy teleradiokompaniyada faoliyat yuritgan ustoz-sanʼatkor bugun farzandlari, nabira-evaralari bagʻrida keksalik gashtini surmoqda.
Shu kuni Oʻzbekiston xalq artistlari Gulnora Mavayeva, «Bahor» raqs ansambli faxriysi Roza Adambayeva, vazirlikning faxriy xodimlari Hayotulla Solihov hamda Shirin Karimovaxonadonida boʻlib, ularni qiynab kelayotgan masalalar oʻrganildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122310 | Инструменты