Endi pedagog va o‘quvchilar bir o‘quv yilida kamida bir marotaba psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi

Joriy yil 19-oktabr kuni “Uzluksiz ta’lim tizimida psixologik xizmat sohasini ilmiy asosda rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, barcha ta’lim tashkilotlarining pedagog (tarbiyachi) va o‘quvchilari (tarbiyalanuvchilari, talabalari) bir o‘quv yilida kamida bir marotaba maqsadli psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi.

Bunda ushbu tizim birinchi bosqichda — 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida, ikkinchi bosqichda — 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida joriy etiladi.

Psixologik diagnostika quyidagi tartibda tashkil etiladi:

- diagnostika Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan maxsus elektron platformada yuritiladi, shaxsga doir ma’lumotlar va diagnostika natijasida ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarning sir saqlanishi ta’minlanadi;

- natijalar sun’iy intellekt texnologiyalari orqali tahlil qilinib, pedagog va o‘quvchilar “psixologik barqaror”, “psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj” va “faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur” guruhlariga ajratiladi;

- “psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj” guruhiga kiritilganlarga ta’lim tashkilotining psixologi, “faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur” guruhiga kiritilganlarga esa tegishli hudud bo‘yicha mentor psixolog biriktiriladi.

Kaskadli malaka oshirish kursiga o‘qituvchi sifatida jalb etilgan psixologlarga bu davrda asosiy ish joyidagi lavozim maoshiga nisbatan 20% ustama to‘lanadi.

O‘quv yili davomida psixologik barqarorlikni ta’minlashda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 150 nafar mentor psixolog mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 barobari miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantiriladi.

Ta’lim tashkilotlari psixologik xizmat xodimlari besh yilda kamida bir marotaba malakasini oshirishi shart etib belgilanadi.

Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va Ta’lim va ilm-fan vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Institutda 2027 yil 1 yanvardan boshlab Raqamli psixologiya va sun’iy intellekt, Ta’lim psixologiyasi va psixologik xizmat, Psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102115 | Инструменты