Huawei 1
Markaziy Osiyo rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan tabrikladi

24-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Turkmaniston yetakchisi davlatimiz rahbarini tugʻilgan kuni bilan samimiy tabriklab, birodar Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Oʻzbekiston-Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib olindi.

Prezidentlar joriy yil 6-avgust kuni “Avaza” milliy turizm hududida oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish masalasiga alohida toʻxtaldilar. Boʻlajak tadbirning kun tartibi va dasturi yuzasidan fikr almashildi.

Turkmaniston Prezidenti Oʻzbekiston yetakchisini Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyoning bogʻliqligini mustahkamlash boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli oʻtkazilagi bilan ham samimiy qutladi. Ushbu forumning samarali natijalari keng mintaqada amaliy hamkorlik loyihalarini ilgari surish uchun yaxshi asos boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.

Bundan tashqari,  24-iyul kuni Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan ham telefon orqali muloqot qilgani ma'lum qilinmoqda.
Unda Prezident Sadir Japarov davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan tabriklab, birodar Oʻzbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etgan.

Ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Joriy yilning 11-12-mart kunlari Toshkent shahrida oʻtgan oliy darajadagi Oʻzbekiston-Qirgʻiziston sammiti davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani qayd etildi. Energetika, trasnport, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi qoʻshma loyihalarni jadal ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yaqinda oʻtkazilgan Markaziy va Janubiy Osiyoning bogʻliqligini kuchaytirish masalalari boʻyicha xalqaro konferensiyaning mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashdagi muhim oʻrni qayd etildi.

Shuningdek, boʻlajak tadbirlar rejasi, shu jumladan 6-avgust kuni Turkmanistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining Maslahat uchrashuvini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali suhbat qurgan. 

Qozogʻiston Prezidenti mamlakatimiz yetakchisini tavallud kuni bilan muborakbod etib, birodar Oʻzbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, eng avvalo, ularni yangi loyiha va dasturlar bilan boyitish muhim ekanini taʼkidladilar.

Shuningdek, boʻlajak oliy darajadagi ikki va koʻp tomonlama tadbirlarga, shu jumladan avgust oyining boshida Turkmanistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish masalalari koʻrib chiqildi.

Markaziy va Janubiy Osiyo bogʻliqligini rivojlantirish boʻyicha Toshkent xalqaro konferensiyasining samarali natijalari yuksak baholandi, Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga