Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida

Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga o‘tyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotgan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda.

Bu — o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan jarayon emas, balki umumiy taqdiri va birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlarimiz yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan sa’y-harakatlari va siyosiy irodasi natijasidir. Ayni paytda bu jarayon o‘zaro ishonch muhitida tobora qizg‘in tus olayotgani Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan mintaqaviy hamkorlik keng ko‘lamdagi zaruratga aylanganidan dalolatdir.

Hamkorligimizni mintaqaviy yaqinlashuvning yangi bosqichiga olib chiqish uchun davlatlarimiz darajasida sharoit yaratilganini ko‘rib turibmiz. Oldimizda erishilgan kelishuvlarni fuqarolar va biznes uchun aniq natija va qulaylik­larga aylantirishdek strategik vazifa turibdi. Markaziy Osiyo qarorlar shunchaki hujjat sifatida emas, balki mintaqa mamlakatlarida barqaror rivojlanishni ta’minlash va odamlarning kundalik hayotini yaxshilash uchun qabul qilinadigan, imkoniyatlardan birgalikda foydalaniladigan umumiy makonga aylanishi kerak.

Nisbatan qisqa muddatda mintaqaviy hamkorlik va ishonchli muloqotning samarali mexanizmiga aylangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqamizda bo‘layotgan o‘zgarishlarning yorqin timsolidir. Ushbu uchrashuvlar Markaziy Osiyoning bugungi taraqqiyoti va kelajagiga daxldor strategik masalalar bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun asosiy muloqot maydoni sifatida shakllandi.

Bo‘lajak Toshkent sammiti barqaror, o‘zaro bog‘liq va farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etishda yangi muhim bosqichni boshlab beradi.

Davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvi biz boshlagan yo‘lning davomi sifatida mamlakatlarimizning o‘zaro anglashuv va sheriklik ruhiga sodiqligini tasdiqlashi, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda tub burilish yasashi kerak.

Jahon tartibotining keng ko‘lamda transformatsiyaga uchrashi, global iqtisodiyotni parchalashga qaratilgan xatarlar, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarning keskinlashib borayotgani sa’y-harakatlarimizni birlashtirish yo‘lidagi intilishimizni kuchaytirdi.

Bularning barchasi Markaziy Osiyo davlatlaridan yanada jips va hamjihat bo‘lib harakat qilishni taqozo etadi. Aynan shuning uchun ham bugungi kunda hamkorligimizni mustahkamlash shunchaki siyosiy maqsad emas, balki strategik zaruratdir. Markaziy Osiyo barqarorlik va bunyodkorlik hududiga, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganining namunasiga aylandi.

Maslahat uchrashuvlari formati yo‘lga qo‘yilgan 2017-yil mintaqaviy hamkorlik tarixida tub burilish yasadi. Mintaqa yetakchilari ko‘p yillar mobaynida birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni boshladilar. Bu ishonchga, ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur ramziga aylandi. Aynan Maslahat uchrashuvlari doirasidagi muloqot tufayli eski davrdan qolgan bir qator kelishmovchiliklarni bartaraf etish va ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka o‘tishga erishildi.

Mintaqaviy hamkorlik borasida boshlangan yangi bosqichning eng muhim yutuqlaridan biri — chegara masalalari uzil-kesil hal etilganidir. Yaqin-yaqingacha imkonsiz tuyulgan bu muammoning yechimi bugun real holatga, bir paytlar bizni ajratib turgan chegaralar esa do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylandi. 2025-yil mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnoma va Xo‘jand deklaratsiyasining imzolangani tarixiy ahamiyatga molik hodisadir. Buni haqli ravishda olamshumul voqea deb atash mumkin.

Mintaqa mamlakatlarining mustaqil rivojlanish tarixida ilk bor o‘zaro chegaralarning barchasi huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi, o‘nlab yillar davomida keskinlik manbai bo‘lib kelgan masalaga nuqta qo‘yildi.

Shu yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona tinchlik forumi mamlakatlarimizning Farg‘ona vodiysida tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro intilishining yaqqol amaliy tasdig‘i, Markaziy Osiyoda kechayotgan bunyodkorlik jarayonlarining ifodasi bo‘ldi.

Ilgari keskin kelishmovchilik va ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelgan suv-energetika sohasida ham prinsipial ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida Qambarota GES-1 loyihasini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim mintaqaning suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish amaliyotida yangi sahifa ochgani qardoshlarcha hamkorlikning yorqin dalilidir.

Toshkent va Bishkek o‘rtasida Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv oqilona murosaga misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida Yovon va Fondaryo GESlarini qurish bo‘yicha hamkorlik oldinga siljimoqda, O‘zbekiston, Tojikis­ton va Qozog‘iston o‘rtasida Bahri Tojik suv omborini vegetatsiya davrida kelishilgan tartibda ishlatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Turkmaniston bilan hukumatlararo bitim doirasida Amudaryo suv resurs­laridan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu suv resurslarini birgalikda boshqarishni yaxshilaydi hamda ekologik muammolar xavfini kamaytiradi.

Bularning barchasi ishonch, o‘zaro manfaatdorlik va umumiy resurslarga adolatli yondashuvga asoslangan yangi hamkorlik ruhini shakllantirmoqda. Bunday loyihalar aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning energetik xavfsizligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Shu bilan birga, chegara tartib-taomillari va gumanitar aloqalar sohasida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. 2023-yil sentabr oyidan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ID-kartalar asosida chegaradan o‘tayotgani odamlarning erkin harakatlanish hududini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham shunday kelishuvlar ishlab chiqilmoqda. Hududlar o‘rtasidagi aloqalar kengaymoqda, chegaraoldi savdo hajmi oshmoqda, gumanitar va madaniy aloqalar mustahkamlanmoqda.

Hamkorlikni institutsional jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha qadamlar ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada 2023-yilda Dushanbe shahrida o‘tkazilgan beshinchi Maslahat uchrashuvini qayd etish lozim.

Mazkur uchrashuvda davlat rahbarlarining kelishuvlarini tayyorlash va amalga oshirishning doimiy mexanizmi sifatida Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu mexanizmning ishga tushirilishi Maslahat uchrashuvlari formatiga tizimli tus berish va birgalikda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda izchillikni ta’minlash imkonini berdi. Shuningdek, parlamentlar­aro muloqot va Xavfsizlik kengashlari kotiblari darajasida muntazam uchrashuvlar yo‘lga qo‘yilgan.

2022-yilda bo‘lib o‘tgan Cho‘lponota uchrashuvi yakunlari bo‘yicha suveren tenglik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va mintaqa kelajagi uchun birgalikdagi mas’uliyat tamo­yillarini mustahkamlagan XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadlarida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi shartnomaviy-huquqiy bazani yanada mustahkamlashga xizmat qildi. 2025-yilda Tojikistonning bu hujjatga qo‘shilgani mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Biz ushbu qarorni olqishlaymiz hamda yaqin istiqbolda Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhini uzil-kesil mustahkamlashga xizmat qiladigan mazkur shartnoma mintaqaning barcha davlatlari tomonidan imzolanishini kutib qolamiz.

2022-yilda davlat rahbarlari tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorligi konsepsiyasi ham tasdiqlandi. Unda mintaqa mamlakatlari xalqaro platformalarda, jumladan, “Markaziy Osiyo plyus” formatlarida o‘zaro muvofiq holda harakat qilishining yo‘nalishlari belgilab olindi.

2024-yilda Ostona sammitida qabul qilingan “Markaziy Osiyo — 2040” mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi muhim dasturiy hujjat bo‘ldi. Unda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va mamlakatlarimiz taraqqiyotiga qaratilgan hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlari mustahkamlab qo‘yildi.

Shu tariqa ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlik arxitekturasini barpo etar ekanmiz, rivojlanish uchun ulkan manbalarni kashf etdik.

Davlatlarning sa’y-harakatlari bilan mintaqada yangi iqtisodiy voqelik shakllanmoqda. So‘nggi sakkiz yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobar o‘sib, 520 milliard dollarga, tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod ko‘payib, 253 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2 marta oshib, qariyb 11 milliard dollarga, o‘zaro investitsiyalar esa 5,6 barobarga yetdi. Birgina mamlakatimizni oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan tovar ayirbosh­lash hajmi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar soni esa 1800 dan oshdi.

Sanoatda Markaziy Osiyo barqaror ravishda yiliga 6 foiz atrofidagi o‘sishni namoyish etmoqda, bu jahondagi o‘rtacha o‘sish sur’atidan ikki karra yuqori. Bunday muvaffaqiyat ishlab chiqarish kooperatsiyasining yangi shakllarini yo‘lga qo‘yish — qo‘shma investitsiya fondlarini (jumladan, O‘zbekiston — Qirg‘iziston, O‘zbekiston — Tojikiston va Qozog‘iston — Qirg‘iziston) tashkil etish, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq. Mintaqa mamlakatlari tomonidan tasdiqlangan 2025-2027-yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi hamkorlikning muhim vositasiga aylanmoqda. Kichik va o‘rta biznesning o‘sishiga ko‘maklashadigan chegaraoldi savdo zonalari va xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazlari faol rivojlanmoqda.

Gumanitar sohada ham keyingi yillarda aloqalar mustahkamlanmoqda. Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti va Yoshlar platformasi ta’sis etildi, 2022-yildan boshlab rektorlar va olimlar forumlari o‘tkazilmoqda, o‘zaro madaniyat yillari, ko‘rgazmalar, konsertlar va sport tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda.

Eng muhimi, qardosh xalqlarimiz bo‘layotgan barcha ijobiy o‘zgarishlarni o‘z kundalik hayotida his etmoqda. Yangi o‘tkazish punktlari ochilgani, aviaqatnovlar, temir yo‘l va avtobuslar yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgani o‘zaro bordi-keldilarni bir necha bor oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish imkonini berdi. Mintaqa mamlakatlarining umumiy sayyohlik oqimida ichki mintaqaviy turizmning ulushi 80 foizdan oshdi.

Yaqin-yaqingacha orzu bo‘lib tuyulgan erkin harakatlanish, o‘zaro hurmat, yaqinlik va ishonch tuyg‘usi bugun amaldagi haqiqatga aylanmoqda.

Asta-sekin Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy o‘ziga xosligi vujudga kelmoqda. Bu farqli jihatlarimizni e’tirof etish va ayni paytda xalqlarimizning umumiy tarixi, mushtarak madaniyatini, taqdirlarimiz o‘zaro bog‘liq ekanini chuqur anglashga asoslanadi. Qo‘shnichilik — xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati — barchaning yutug‘i degan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi shakllanmoqda.

Mana shunday ishonch, o‘zaro anglashuv va umumiy kelajak ruhi bugungi kunda mintaqaviy jipslashuvni yanada mustahkamlash, ya’ni barqaror va o‘zaro bog‘liq, farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etish bo‘yicha Markaziy Osiyo jarayonini boshlash uchun eng muhim tayanch asosdir.

Ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyo­ning har bir davlati o‘z sa’y-harakatlarini iqtisodiyotni rivojlantirish, ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirish orqali mintaqamiz barqarorligi va farovonligini ta’minlashga sezilarli hissa qo‘shmoqda.

Qozog‘iston transport yo‘laklarini faol rivojlantirmoqda, chegara punktlarini modernizatsiya qilmoqda, savdo to‘siqlarini bartaraf etmoqda va madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha loyi­halarni amalga oshirmoqda. Qirg‘iziston va Tojikiston muzliklarning erishi bilan bog‘liq masalalarda izchil hamkorlik qilmoqda, energetika tizimlarini modernizatsiya qilish va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Turkmaniston tinchlik va ishonchni mustahkamlash, mintaqaning transport-tranzit salohiyatini oshirish, BMTning Orol havzasi va iqlim texnologiyalari bo‘yicha dasturini qabul qilishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Amaliy harakatlarimiz, kelajak uchun mas’uliyatimiz, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro manfaat tamoyillariga sodiqligimiz shuni isbotladi: Yangi Markaziy Osiyo tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaratuvchan sheriklik yo‘lini tanlamoqda. Ramziy ma’noda aytganda, biz devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz.

Mintaqaviy jipslashuv borasidagi yutuqlar tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning o‘z manfaatlari va taraqqiyot yo‘llarini aniq tasavvur etadigan mustaqil va mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida qaror topdi.

“Markaziy Osiyo plyus” hamkorlik formatlari mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqei kuchayib borayotganining ifodasi hamda barqarorlik va taraqqiyotning muhim markazi sifatidagi rolining e’tirofi bo‘ldi.

Ilgari tashqi hamkorlar aloqalarni asosan ikki tomonlama asosda qurgan bo‘lsa, bugungi kunda dunyoning yetakchi davlat va birlashmalari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yaxlit mintaqaviy sherik sifatida rivojlantirmoqda.

Bu mintaqaning boshqa hamkorlar bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi: Markaziy Osiyo tashqi hamkorlar bilan xalqaro munosabatlarning yagona subyekti sifatida muloqot qilsa, uning ovozi balandroq va ishonchliroq yangraydi, pozitsiyamiz kuchliroq bo‘ladi, investitsiya­larni jalb etish, boshqa mamlakatlar bilan barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha vazifalarni yanada samarali hal qila olamiz.

Dunyoga ochiqligimiz, niyatlarimizning shaffofligi va muloqotga moyilligimiz xalqaro maydonda Markaziy Osiyoni yangicha qabul qilish uchun asos bo‘ldi.

Ayni paytda Markaziy Osiyoni dunyoning yetakchi davlatlari va birlashmalari bilan bog‘laydigan o‘ndan ortiq “Markaziy Osiyo plyus” formatlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning o‘zida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo — Xitoy”, “Markaziy Osiyo — Rossiya” va “Markaziy Osiyo — AQSH” sammitlari bo‘lib o‘tgani mintaqaning global siyosatdagi shiddati va strategik ahamiyati ortib borayotganini tasdiqlaydi.

Yangidan-yangi “Markaziy Osiyo plyus” muloqotlari davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarilayotgani ularning amaliy ahamiyati va siyosiy qimmati ortib borayotganidan dalolat beradi. Bir qator formatlarda esa energetika, transport, “yashil iqtisodiyot” va raqamlashtirish sohalarida aniq loyihalarni ishlab chiqish uchun ishchi guruh va kotibiyatlar tashkil etilmoqda.

Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalarni hal etmasdan turib, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlab bo‘lmaydi. Bu mamlakat umumiy mintaqamizning bir chekkasida emas, balki uning tabiiy bir qismidir. Butun Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikning mustahkam bo‘lishi ko‘p jihatdan Afg‘onistonning tiklanishi va rivojlanishiga bog‘liq.

Afg‘onistonning jafokash xalqi chuqur gumanitar inqiroz sharoitida yashashda davom etmoqda. Shu munosabat bilan mintaqa mamlakatlari Afg‘onistonni mintaqaviy va xalqaro jarayonlarga izchil jalb etish zarurligidan kelib chiqmoqda. Bu esa ushbu mamlakat taraqqiyoti va keng mintaqamizda barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish muhim ahamiyatga ega. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi savdo, inves­titsiyalar va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, shuningdek, Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, afg‘on xalqiga gumanitar va ta’lim borasida yordam ko‘rsatish, energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash ishlari davom etmoqda.

Afg‘oniston umumiy tinchlik va xavfsizlik, hamkorlik va taraqqiyot makonining bir qismiga aylanishi lozim. Bu mintaqaning barcha mamlakatlari manfaat­lariga javob beradi hamda ­Markaziy Osiyoning janubiy sarhadlarida barqarorlik belbog‘ini shakllantirishga xizmat qiladi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, bugungi kunda Markaziy Osiyo o‘z jadal taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Biz ikki tomonlama masalalarni hal etishdan iqlim o‘zgarishi, energetika sohasidagi o‘tish, suv va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish kabi asosiy mintaqaviy tahdidlarga birgalikda yechim topish sari bormoqdamiz. Mamlakatlarimiz oldida umumiy mas’uliyat, o‘zaro ishonch va kelajagimiz haqidagi yakdil tasavvurga asoslangan hamkorlikning yangi ufqlari ochilmoqda.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo yaqin o‘n yilliklarda qanday rivojlanadi degan prinsipial savolga birgalikda javob berishimiz zarur.

Markaziy Osiyo aholisi 80 millionlik marradan o‘tib bo‘ldi, BMT prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga borib, bu ko‘rsatkich 100 milliondan oshadi. Shuningdek, Markaziy Osiyo dunyoning eng yosh mintaqalaridan biri bo‘lib, aholisining o‘rtacha yoshi atigi 29 yoshni tashkil etmoqda.

Oldimizda ushbu demografik resursni taraqqiyot va innovatsiyaning qudratli omiliga aylantirish, yoshlarimizning iste’dodi va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish vazifasi turibdi.

Ayni paytda mamlakatlarimizning o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish suverenitet, teng huquqlilik va ichki ishlarga aralashmaslik borasidagi mustahkam poydevor asosida amalga oshirilishi lozim degan vazmin yondashuvini qayd etish muhimdir. Hech kim mintaqa mamlakatlariga begona modellarni tiqishtirmasligi yoki milliy tuzilmalardan ustun turadigan tuzilmalarni yaratmasligi lozim.

Markaziy Osiyodagi hamkorlik ixtiyoriy, pragmatik va mamlakatlarimiz xalqlariga foyda keltiradigan real natijalarga yo‘naltirilgan bo‘lib qolishi kerak.

Hozirgi bosqichda oldimizda o‘ta muhim masalalar turibdi, mintaqamizning barqarorligi va rivojlanish sur’at­lari ularning hal etilishiga bog‘liq.

Birinchidan, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettirish — mavjud mexanizmlarni mustahkamlab, ularga barqaror tus va amaliy ma’no-mazmun bag‘ishlash zarur. Oxir-oqibatda samarali mintaqaviy institutlarsiz hamkorlikni tizimli rivojlantirish va qabul qilinayotgan qo‘shma qarorlarni sifatli amalga oshirishni ta’minlab bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, xavfsizlik sohasidagi maqsadimiz — tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha umumiy salohiyatni shakllantirishdan iborat. Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar, mudofaa va huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini davom ettirish lozim. “Xavfsizlikning bo‘linmasligi” prinsipi asos bo‘lib qolishi kerak. Ayni paytda mintaqaviy hamkorlik amaldagi xalqaro mexanizmlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi, barqarorlikni mustahkamlash hamda mamlakatlar va umuman, mintaqa xavfsizligiga nisbatan tahdidlarning keng doirasiga qarshi turish bo‘yicha o‘z salohiyatini shakllantirishi lozim.

Uchinchidan, iqtisodiy sohada ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish, chegaralardan o‘tish tartib-taomillarini soddalashtirish va o‘zaro investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimdir. Sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, mintaqaviy va hududlararo yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi savdo zonalarini rivojlantirish, transport va iqtisodiy yo‘laklar tarmog‘ini kengaytirish, transport, energetika, qish­loq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish zarur.

Hamkorlikning ekologik jihatiga — iqlim o‘zgarishlariga moslashish, trans­chegaraviy suv resurslari va biologik xilma-xillikni asrash, “yashil” energetika va kam uglerodli texnologiyalarga o‘tish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Markaziy Osiyo barqaror ekologik rivojlanish mintaqasi va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatning namunasi bo‘lishga qodir va shunday bo‘lishi kerak.

To‘rtinchidan, gumanitar hamkorlik ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim, ilm-fan va madaniy aloqalarni mus­tahkamlash markaziy vazifadir. Umumiy axborot makonini yaratish, ta’lim, sog‘liqni saqlash sifatini oshirish, umuman, ijtimoiy sohani, jumladan, turizmni va yoshlarga oid qo‘shma dasturlarni rivoj­lantirish — bularning barchasi xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga bevosita xizmat qiladi. Umumiy qadriyatlar, madaniy yaqinlik va farovonlikka birgalikda intilishga asoslangan mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Beshinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosatda kelishilgan yondashuvlarini ishlab chiqish muhim yo‘nalish hisoblanadi.

Geosiyosiy beqarorlik tobora ortib borayotgan va jahon kuch markazlari o‘rtasida raqobat kuchaygan sharoitda mintaqa davlatlarining xalqaro maydondagi pozitsiyalarini muvofiqlashtirish barqarorlik va umumiy manfaatlarni himoya qilishning muhim omiliga aylanmoqda. Shu nuqtayi nazardan asosiy hamkorlar bilan pragmatik aloqalarni yo‘lga qo‘yishda o‘z samaradorligini isbotlagan “Markaziy Osiyo plyus” formatlarini yanada rivojlantirish zarur.

Hozirgi bosqichda “Markaziy Osiyo plyus” formatlari va boshqa xalqaro muloqot maydonlarida mintaqaviy muvofiqlashuvni rivojlantirish, tashqi sheriklar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha kelishilgan ustuvor yo‘nalishlar va pozitsiyalarni ishlab chiqish strategik vazifaga aylanmoqda. Faqat shu yo‘l bilangina jahonning yetakchi mamlakatlari va birlashmalari bilan hamkorligimizni davlatlarimiz va butun mintaqaning iqtisodiy hamda texnologik taraqqiyotiga, barqarorligiga xizmat qiladigan aniq loyihalar asosida boyi­tishimiz mumkin.

O‘zbekiston uchun mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish taktik tanlov emas, balki Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy mas’uliyatni anglashdan kelib chiqadigan ongli strategik qarordir.

Ishonchimiz komilki, global noaniqlik davrida yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash — Markaziy Osiyoning asosiy resursidir. Mintaqa mamlakatlari yakka holda hal qilishi qiyin bo‘lgan umumiy xavfsizlik muammolari va rivojlanish vazifalari birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan muvaffaqiyatli hal qilinishi mumkin. Ishonch va sheriklikni mustahkamlash o‘z kelajagini umumiy qadrdon diyorimiz — Markaziy Osiyoning tinchligi, barqarorligi va taraqqiyoti bilan bog‘lagan mil­lionlab odamlarning manfaatlariga javob beradi.

Bugun biz kuchli, barqaror va farovon mintaqa — Yangi Markaziy Osiyoning mus­tahkam poydevorini yaratmoqdamiz.

Mintaqamizda kechayotgan jarayonlar — bu ongli va ortga qaytmas tanlov. Ushbu yo‘l bizdan nafaqat birgalikdagi sa’y-­harakatlarni, balki umumiy kelajagimiz uchun mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishga tayyor bo‘lishimizni ham talab qiladi.

Kuch va imkoniyatlarimizni birlashtirib, umumiy vazifalarni hal etmoqdamiz, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga tinch va bunyodkor hamkorlikning vaqt va hayot sinovidan o‘tgan — ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan o‘z modelimizni taklif etmoqdamiz. Va bugun Markaziy Osiyoni keng mintaqamizda yashayotgan barcha millat va xalqlar uchun yagona tinchlik, farovonlik va taraqqiyot makoniga aylantiradigan ushbu tarixiy sur’atni saqlab qolishimiz har qachongidan ham muhimdir.

 Shavkat MIRZIYOYЕV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111314 | Инструменты