Huawei 1
Martin Chungong “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning ushbu nufuzli tuzilma raisi Tuliya Ekson va bosh kotibi Martin Chungongdan iborat delegatsiyasini qabul qildi.

Parlamentlararo ittifoqning yuqori darajali vakillari davlatimiz rahbarini Toshkent shahrida tashkilotning yubiley Assambleyasi muvaffaqiyatli tashkil etilgani hamda uning yalpi majlisida dasturiy nutq so‘zlagani bilan samimiy qutladilar.

Bunday keng ko‘lamli forumning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani va ilgari surilgan tashabbuslar to‘liq qo‘llab-quvvatlangani Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlar, ayniqsa, parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalarning xalqaro eʼtirofi ekani taʼkidlandi.

Ittifoq bilan hamkorlik yuksak darajaga chiqib, samarali tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha parlamentlararo forum hamda Toshkent shahrida parlamentlar ayol rahbarlarining 14-sammiti tashkil etildi.

Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Suhbat chog‘ida mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida tinchlik va konstruktiv muloqotni mustahkamlash, “yashil” taraqqiyot va sunʼiy intellekt sohasida qonun ijodkorligini kengaytirish, xotin-qizlar va yoshlarni parlament faoliyatiga yana-da ko‘proq jalb etish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishda parlament diplomatiyasining ahamiyati qayd etildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti hamkorlikni rivojlantirish va parlament diplomatiyasini samarali ilgari surishga qo‘shgan katta hissasi uchun Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungongni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston 2017 yilda Ittifoq ishidagi ishtirokini qayta tikladi va bugungi kunda uning ijro etuvchi tuzilmalarida to‘laqonli qatnashmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40801 | Инструменты