Huawei 1
O‘zbekiston Afg‘onistondan 1 mln tonnadan ortiq ko‘mir import qilishi mumkin

Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligidagi delegatsiya 12-may kuni Afg‘onistonga tashrif buyurib, tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mottakiy bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qildi Afg‘oniston TIV.

Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, Transport vazirligi rahbari bu safar unga "xususiy sektor, temiryo‘l, geologiya va tog‘-kon sanoatidan kuchli texnik guruh hamrohlik qilayotganini" aytgan. Ilhom Mahkamov Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumati "Afg‘onistonga jiddiy eʼtibor qaratishini va Afg‘onistonni mintaqadagi tranzit xabga aylantirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini" qo‘shimcha qildi, deyiladi xabarda.

Transport vaziri "O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston" temiryo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini amaliy ishlab chiqish uchun muhandislar jamoasi bilan kelganini aytgan. Bir necha haftadan so‘ng yana bir O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga afg‘on temiryo‘li qurilishi uchun uskunalar olib kelishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonning geologiya va tog‘-kon texnik guruhi Afg‘oniston Kon va neft vazirligining neft va gazni qidirish va qazib olish bo‘yicha masʼul xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Ilhom Mahkamov, taʼkidlanishicha, Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida kechayu-kunduz bojxona va chegara xizmatlarini ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan, shuningdek, transport va tranzit tariflari pasaytirilganini eslatgan.

Amir Xon Mottakiy afg‘on tadbirkorlari va haydovchilari uchun viza berishni soddalashtirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar "oldinga qo‘yilgan yaxshi qadam" ekanini taʼkidlab, afg‘onlar uchun taʼlim, tibbiyot va sayyohlik maqsadlarida vizalar berishni kengaytirish zarurligini qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev O‘zbekistonda afg‘onistonlik biznesmenlar va haydovchilar uchun uzoq muddatli vizalar, shuningdek, taʼlim, tibbiyot va turizm uchun vizalar berish ustida ish olib borilayotganini maʼlum qilgan.

TIV maʼlumotlariga ko‘ra, u yaqin orada Kobulga 1 million tonnadan ortiq ko‘mir sotib olish uchun texnik guruh kelishini taʼkidlagan. Shuningdek, Mozori Sharifdagi Imom al-Buxoriy madrasasi qurilishini boshlash uchun muhandislar kelishi rejalashtirilgan.

Prezidentning maxsus vakili O‘zbekiston Afg‘oniston Axborot va madaniyat vazirligi bilan tarixiy maskanlar va ziyoratgohlarni qurish va rekonstruksiya qilishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122404 | Инструменты