O‘zbekiston tarixda birinchi marta Jahon bojxona tashkiloti Audit qo‘mitasi aʼzosi etib saylandi, deya xabar qildi Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev.
Tarkibiga dunyoning 12 ta davlatidan aʼzolar saylanadigan mazkur qo‘mita JBTning moliyaviy va ichki boshqaruvini samarali nazorat qilish bilan shug‘ullanadi.
Tashkilotning yillik sessiyasida, shuningdek, kengash raisi va o‘rinbosari, Siyosiy qo‘mita aʼzolari, Moliya va Audit qo‘mitalari raislari, o‘rinbosarlari va aʼzolari saylandi.
Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov O‘zbekistonning Audit qo‘mitasiga qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirdi. U O‘zbekiston tashkilot doirasida moliyaviy oshkoralik, samarali boshqaruv va hisobdorlikni taʼminlashga yana-da ko‘proq hissa qo‘shishga ishonch bildirdi.
Sessiyada delegatlar tashkilotning 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan rejasi va kengash masalalarini ham ko‘rib chiqdi. Xususan, byudjet ijrosi, auditorlik hisobotlari va kelgusidagi xarajatlar muhokama qilindi.
Sessiya davomida O‘zbekiston delegatsiyasi AQSH va Germaniya bojxona xizmatlari rahbarlari, Ummonning Nafith kompaniyasi vakillari bilan ham ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 63016 | Инструменты