Prezident bugun “Kreativ iqtisodiyot”, “Raqamli yashil tashabbuslar”, “Yoshlar tadbirkorligi va startaplar” va “Yosh innovatorlar” maydonchalaridagi o‘g‘il-qizlarimiz bilan muloqot qilib, hozirgi yoshlarimiz – Yangi O‘zbekistonning haqiqiy bunyodkorlari ekaniga yana bir bor amin bo‘lganini taʼkidladi.
“Men sizlar bilan faxrlanaman! Sizlarning har bir yutug‘ingiz bu – ko‘p millatli butun xalqimizning yutug‘idir.
Azmu shijoatingiz, sog‘lom dunyoqarashingiz, baxtu iqbolingiz – millionlab ota-onalar, ustoz-murabbiylar, yaqinlaringizning ham baxtu saodatidir” - dedi davlat rahbari.
Davlat rahbari o‘z sohasida ilg‘or, tashabbuskor yoshlar bilan muloqot qildi, ularning taklif va g‘oyalarini tingladi.
Prezident farmoni bilan ilm-fan, texnologiya, madaniyat, sanʼat, sport, tadbirkorlik va boshqa sohalarda tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh o‘g‘il-qizlarimiz mukofotlangan edi.
Bugungi tadbirda davlatimiz rahbari ushbu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Tadbir yakunida davlatimiz rahbari yana bir bor yoshlarga murojaat qildi:
“Yoshlikda olingan bilim – toshga o‘yilgan naqsh, kelajak uchun poydevor degani. Poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, hayotingiz, baxtingiz binosi shunchalik muhtasham bo‘ladi.
Yoshlikdagi harakat kelajakdagi yutuq degani. Yoshlikda orttirilgan do‘st bir umrlik hamkor, tayanch va suyanch degani.
Hech qachon unutmang, farzandlari bilimli, sog‘lom, mard va jasur, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning kelajagi albatta yorug‘ bo‘ladi.
Men butun O‘zbekiston yoshlari ana shunday fazilatlar egasi bo‘lishini tilayman!
Ishonchim komil, biz ko‘p millatli butun xalqimiz bilan, siz, aziz farzandlarim bilan ulug‘ maqsadlarimizga, albatta, yetamiz! Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda, albatta, barpo etamiz!”.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72105 | Инструменты