Huawei 1
O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashining 2035−2036-yillarda doimiy bo‘lmagan aʼzoligiga o‘z nomzodini ilgari surdi

O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Ulug'bek Lapasov Xitoy raisligida BMT Xavfsizlik kengashining ko'p tomonlama va global boshqaruv institutlarini isloh qilish masalalariga bag'ishlangan yig'ilishida ma'ruza bilan ishtirok etdi

Unda O'zbekistonning BMT bilan o'zaro hamkorlikning eng ustuvor masalalari bo'yicha rasmiy pozitsiyasi xalqaro hamjamiyatga yetkazildi. Yig'ilish ishtirokchilari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar bilan yaqindan tanishdilar.

O'zbekistonning ko'p qirrali, global boshqaruvni mustahkamlash va takomillashtirish tarafdori ekanligi alohida ta'kidlandi. Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik muhimligi va Afg'onistonni iqtisodiy tiklashdan manfaatdor ekani qayd etildi.

O'zbekiston transmilliy tahdidlarga, jumladan, giyohvandlik moddalarning noqonuniy aylanishi, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda BMT bilan hamkorlikni yana-da kengaytirishga tayyorligi tasdiqlandi.

Ishtirokchilarga iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, kambag'allikni qisqartirish va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan "O'zbekiston-2030" strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida so'zlab berildi. O'zbekistonda 2025-yil – "Atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil iqtisodiyot" yili", deb e'lon qilingani qayd etildi.

Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish maqsadida o'rmonlar barpo etish, suvni tejash, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotgani ma'lum qilindi. Shuningdek, Orolbo'yida barqaror rivojlanishni xalqaro qo'llab-quvvatlashni kengaytirish zarurligi ta'kidlandi.

A'zo davlatlar 2025-yil iyun oyida Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan BMTning "Besh yil – 2030 yilgacha: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko'rsatishni jadallashtirish" mavzusidagi davlat xizmatlari forumiga taklif qilindi.

O'zbekistonning global tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash tarafdori ekanligiga urg'u berildi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz BMT Xavfsizlik kengashining 2035-2036 yillar uchun doimiy bo'lmagan a'zoligiga o'z nomzodini ilgari surgani ma'lum qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22222 | Инструменты