Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-fevral kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon boʻyicha savdo vakili lord Jon Olderdaysni qabul qildi.
Oʻzbekiston bilan Buyuk Britaniya oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli sheriklikni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, barcha darajalarda almashinuvlar faol davom etayotgani taʼkidlandi. Xavfsizlik sohasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Keyingi 5 yilda tovar ayirboshlash 2 baravar oshdi. London fond birjasida Oʻzbekistonning 15 milliard dollardan ortiq qiymatdagi suveren va korporativ obligatsiyalari joylashtirildi. Oʻtgan yili Qoʻshma iqtisodiy qoʻmita mexanizmi ishga tushdi.
Britaniyalik hamkorlar bilan birgalikda Prezident maktablari tashkil etildi va uchta qoʻshma universitet muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan britaniyalik sayyohlarning soni ortib bormoqda.
Suhbat davomida energetika, moliya, geologiya, transport, kimyo, farmatsevtika, fan va taʼlim sohalarida yangi loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21719 | Инструменты