O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida o‘tayotgan "Kambag‘allikdan farovonlik sari" xalqaro forumi doirasida Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yangni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida vitse-prezident Inmin Yang davlatimiz rahbariga OTB rahbari Masato Kandaning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar strategiyasini amalga oshirish doirasida ushbu yetakchi xalqaro moliyaviy institut bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda “yashil” energetika, transport, raqamli transformatsiya, taʼlim va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar portfeli 14 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Mamlakatimiz yetakchisi OTB bilan infratuzilma, davlat-xususiy sheriklik, biznes, ijtimoiy soha va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli strategik sheriklik dasturini tayyorlash muhimligini qayd etdi.
Kambag‘allikka qarshi kurashish, muhim minerallarni qayta ishlash, byudjetni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, bank Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91718 | Инструменты