Oʻzbekiston Prezidenti Pokistonning harbiy sanoati salohiyati bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga kelgach, “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasining bosh qarorgohiga tashrif buyurib, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni – Qurolli Kuchlarning quruqlikdagi qoʻshinlari qoʻmondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston bilan Pokiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy jihatlari muhokama qilindi.

Harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, bugungi kunda xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Ikki mamlakatning yetakchi mudofaa sanoati korxonalari oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalarini faollashtirish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini kengaytirish, tajriba almashish va qoʻshma oʻquv tadbirlarini oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Transport va logistika sohasida istiqbolli infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ham kun tartibida bo‘ldi.

Harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston Prezidenti uchrashuv yakunida “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasining ishlanmalari, jumladan, Pokistonning zamonaviy harbiy texnikasi va qurol-yarogʻ namunalari bilan tanishdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20519 | Инструменты