Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturiga muvofiq, ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tadbirda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Ryosey Akazava, “Sojitz”, “Sumitomo”, “Toyota”, “ITOCHU”, “Mitsubishi”, “Marubeni”, “Daito Trust Construction”, “NEC”, “SBI Holdings”, “Ajinomoto”, “Japan Tobacco”, “Hitachi”, “Mitsui”, “Balcom”, “NEC”, “Eurus Energy”, “Chubu Electric Power”, “Shikoku Electric”, “Shimizu”, “Hankyu Travel International”, Yaponiya metall va energetika sohasida xavfsizlik tashkiloti (JOGMEC), Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya eksport va investitsiyalarni sugʻurtalash kompaniyasi (NEXI), Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO), Yaponiya MDH mamlakatlari bilan savdo boʻyicha assotsiatsiyasi (ROTOBO), “Norinchukin” va “SBI Shinsei” banklari, Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi kabi yirik korporatsiyalar va moliya institutlarining top-menejerlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, yapon ishbilarmonlarining bunday nufuzli tarkibi tomonlarning bir-biriga boʻlgan yuksak ishonchi va iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishga doimiy qiziqishidan dalolat ekanini bildirdi.
Taʼkidlash joiz, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi mazmun kasb etdi.
Yaponiya kompaniyalari ilgari asosan pudrat loyihalarida ishtirok etgan boʻlsa, bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotiga faol investitsiya kiritib, qoʻshma korxonalar yaratmoqda, boshqaruv, texnologiyalar transferi va milliy kadrlarni tayyorlashga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgan mazkur oʻzgarishlar natijasida Yaponiya Oʻzbekistonning asosiy iqtisodiy va texnologik sheriklaridan biriga aylandi.
Savdo-iqtisodiy koʻrsatkichlarda ham ijobiy surʼat kuzatilmoqda: oxirgi sakkiz yilda tovar ayirboshlash 2 baravar, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalarining soni esa 10 karra oshdi.
Energetika, sogʻliqni saqlash, geologiya, axborot texnologiyalari, infratuzilma va boshqa ustuvor sohalarda mustahkam kooperatsiya oʻrnatildi.
Uchrashuvda Prezidentimiz mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtdi.
Qayd etilganidek, soʻnggi 8 yil ichida Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2 baravarga oshdi. 2030-yilga qadar mamlakatni oʻrta darajadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiritish vazifasi qoʻyilgan.
Davlatimiz rahbari Yaponiya ishbilarmonlarini sanoatlashuvni tezlashtirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish jarayonlarida faol ishtirok etishga taklif qildi.
Shu maʼnoda, Yaponiya ishbilarmon doiralari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.
Energetik barqarorlikni taʼminlash va “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalari va zaxiralash tizimlarini rivojlantirish, iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirish shular jumlasidan.
Qoʻshilgan qiymatning toʻliq zanjirini shakllantirgan holda oʻta muhim minerallarni chuqur qayta ishlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, mashinasozlik va sanoat uskunalarini rivojlantirish, zamonaviy yuqori texnologiyali sanoatlashgan iqtisodiyotni shakllantirish istiqbolli yoʻnalishlar qatorida qayd etildi.
Axborot texnologiyalarini rivojlantirish, jumladan, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish dasturlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Yana bir muhim yoʻnalish – zamonaviy maxsus iqtisodiy zonalarni yaratib, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish orqali ularni yuqori texnologiyali va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish hamda sanoat kooperatsiyasi markazlariga aylantirish.
Misol uchun, JICA koʻmagida Yaponiya modeli va standartlari asosida maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida Oʻzbekiston Yaponiyani nafaqat investor, balki kelajak sanoatini barpo etishda oʻzining strategik hamkori sifatida bilishini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qatʼiy intilishini bildirdi hamda ustuvor yoʻnalishlardagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish borasidagi rejalarini bayon etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121916 | Инструменты