Hindistonning Puna shahridagi Aundh xalqaro o‘quv bazasida O‘zbekiston va Hindistonning “Do‘stlik-2025” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Ikki haftalik o‘quv mashg‘ulotlarida har ikki davlat harbiy bo‘linmalari birgalikda shahar sharoitida shartli dushmanni qidirish, aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha harakatlarni amalga oshirdi.
Mashg‘ulotlarda turli terrorizmga qarshi missiyalar, jumladan, aholini nazorat qilish choralari, reydlar, quruqlik va havo kuchlaridan foydalangan holda qidiruv va yo‘q qilish operatsiyalari o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘z mahoratlarini oshirib, tajriba almashdi, deyiladi xabarda.
«Mashqlar nafaqat qo‘shma operatsiyalarni o‘tkazish imkoniyatlarini mustahkamlaydi, balki mintaqaviy barqarorlikka har qanday tahdidlardan ishonchli himoya vazifasini o‘taydi, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi», — deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.


Alpha version: 0.9.1.19 build 21707 | Инструменты