Huawei 1
O‘zbekistonda sunʼiy intellekt yordamida shaxsga doir maʼlumotlarga noqonuniy ishlov berganlik uchun javobgarlik joriy etiladi

"Sunʼiy intellektdan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaxsga doir maʼlumotlarga sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llagan holda qonunga xilof ravishda ishlov berish, shuningdek, ularni OAV va internetda tarqatganlik uchun javobgarlikni belgilovchi yangi 46-2-moddani kiritish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasida "sunʼiy intellekt" tushunchasiga taʼrif berilib, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda vakolatli organning funksiyalari belgilanmoqda. Axborot resurslarini yaratishda va axborot tizimlarining ishlashida sunʼiy intellektni qo‘llashning umumiy qoidalari ham belgilanmoqda.

Loyiha sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan axborot resurslarini majburiy markirovkalashni nazarda tutadi. Shuningdek, bunday resurslar va tizimlar inson huquqlari, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talabni kiritish ko‘zda tutilyapti.

Insonning huquq va erkinligiga aloqador qarorlarni qabul qilishda faqatgina sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanish mumkin emasligi qo‘shimcha ravishda mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda Internetda tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

"Qonun loyihasining qabul qilinishi sunʼiy intellektdan foydalanishni yana-da rivojlantirish, turli sohalarga joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish, uni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solish, sunʼiy intellektdan foydalangan holda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va tarqatishning oldini olishga xizmat qiladi," - deya taʼkidladi deputatlar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41604 | Инструменты