O‘zbekistonda Tibbiyot xodimlari kuniga qo'shib, endi farmatsevtlar bayrami ham nishonlanishi mumkin

O‘zbekistonda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasini Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni etib belgilash taklif qilinmoqda. Qonunchilik palatasi majlisida buni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan.

Xususan, amaldagi qonundagi “Tibbiyot xodimlari” degan so‘zlar “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari” degan so‘zlar bilan almashtiriladi. Shu tariqa, har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadigan kasb bayrami farmatsevtika sohasi xodimlarini ham qamrab olishi nazarda tutilmoqda.

Majlisda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda farmatsevtika sohasi jadal rivojlanmoqda. Hozirda O‘zbekistonda 50 mingdan ortiq farmatsevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, mamlakatda 504 ta farmatsevtika ishlab chiqarish korxonasi, 478 ta distribyutor tashkilot va 14 mingdan ortiq dorixona mavjud.

Taʼkidlanishicha, mazkur o‘zgartirish “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarda qo‘llaniladigan tushunchalar bilan uyg‘unlikni taʼminlaydi.

Qonunning qabul qilinishi farmatsevtika xodimlarining jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102013 | Инструменты