Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 12 ta Qonun loyihasi ko'rib chiqildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Unda deputatlar mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan 12 ta Qonun loyihalarini ko'rib chiqdilar. Aytish kerak, kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda O'zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig'ilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Yalpi majlisda deputatlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska bilan bog'liq masalani ko'rib chiqib, ushbu hududlarda yashash hamda ishga joylashishga qo'yilayotgan cheklovlarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qilishdi.

Qolaversa, O'zbekiston Ekologik harakati uchun belgilangan kvota ham yig'ilgan deputatlar tomonidan bir ovozdan bekor qilindi. Bu qaror Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar nomzodini ilgari suruvchi subyektlar doirasini maqbullashtirish, saylovga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish va xalqaro andozalarga moslashtirish imkonini beradi.

Bundan tashqari yalpi majlisda qurilish-montaj ishlarini bajarayotgan fuqarolarga nisbatan shaharsozlik sohasida yo'l qo'ygan huquqbuzarliklari uchun javobgarlik belgilanishi ham tasdiqlandi. Mansabdor shaxslarga nisbatan esa ushbu javobgarlik choralari kuchaytiriladigan bo'ldi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala ko'chalarimizda o'rnatilgan amaldagi svetoforlarni vaqt o'tishini teskari hisoblovchi indikatorlar bilan jihozlangan transport va piyodalar svetoforlariga boskichma-bosqich almashtirish bo'ldi. Bu bo'yicha deputatlar Vazirlar Mahkamasiga ushbu loyihani ko'rib chiqish tavsiya etilgan qarorni qabul qilishdi. Aytish kerak, ushbu masala “Meningfikrim” veb-portalida 10 mingdan ziyod ovoz to'plagan murojaat hisoblanadi. Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko'rib chiqildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40412 | Инструменты