O‘zbekistonda ekstremizm, separatizm va fundamentalizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida qonunchilik tizimiga jiddiy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Prezident tomonidan imzolangan yangi Qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga bir qator qat’iy choralar
qo‘shildi.
Yangi kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa qonun bilan taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilandi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar axborot makonida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Xususan:
- Ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan,
- Qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan,
- Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash, ularni tarqatish maqsadida saqlash,
- Ekstremistik hamda terrorchilik tashkilotlarining atributlari yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash va saqlash taqiqlanadi.
Ushbu huquqbuzarliklar sodir etilganda, barcha ashyolar musodara qilingan holda, fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravardan 150 baravargacha miqdorda jarima solinadi. Yoxud 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazosi qo‘llaniladi.
Yana bir muhim jihati, qonunchilikdagi tushunchalarni yanada kengaytirish va aniqlashtirish maqsadida shu paytgacha ishlatib kelingan “diniy ekstremizm” so‘zlari endilikda umumlashgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri “ekstremizm” so‘zi bilan almashtirildi.
Mazkur Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.