O'zbekistonda odam savdosidan jabrlangan shaxslarga yordam ko‘rsatishning yangi tartibi belgilandi

O‘zbekistonda odam savdosidan jabrlangan shaxslarning ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglament tasdiqlandi. 

Unga ko'ra, odam savdosidan jabrlangan shaxslar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, ixtisoslashtirilgan muassasa, mahalladagi ijtimoiy xodim yoki 1146 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishi mumkin. Shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham zarur ijtimoiy xizmatlardan chetda qolmaydi.

Murojaatdan so‘ng shaxs 5 sutka ichida dastlabki identifikatsiyadan o‘tkaziladi. Ijtimoiy xizmatlardan foydalanish istagi bildirilganda, shaxs va uning oila a’zolarining holati hamda xizmatlarga ehtiyoji bir ish kuni ichida baholanadi.

Ixtisoslashtirilgan muassasaga joylashtirilgan shaxsning holati ijtimoiy xodim, huquqshunos va psixologdan iborat multidissiplinar guruh tomonidan baholanib, 5 ish kuni ichida yakka tartibdagi ijtimoiy reabilitatsiya dasturi ishlab chiqiladi.

Xavfsiz boshpana va kompleks reabilitatsiya

Odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxslar ixtisoslashtirilgan muassasalarda 6 oygacha xavfsiz boshpana, oziq-ovqat va gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi. Reabilitatsiya davrida zarur tibbiy xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.

Shuningdek, ularga psixologik va huquqiy yordam, hujjatlarni tiklash, kasb-hunarga o‘qitish va ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish kabi xizmatlar ko‘rsatiladi. Zaruratga qarab tarjimon, psixoterapevt, suitsidolog, bolalar psixologi va boshqa mutaxassislar ham jalb etilishi mumkin.

Reabilitatsiyadan keyin ham kuzatuv davom etadi

Ixtisoslashtirilgan muassasadan chiqqan shaxsning roziligi bilan uning holati yashash joyidagi “Inson” markazi tomonidan 6 oygacha monitoring qilinadi. Zarurat aniqlansa, qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatiladi.

Jarayonlar raqamlashtiriladi va ma’lumotlar maxfiyligi ta’minlanadi

Ko‘rsatilgan xizmatlar haqidagi ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritib boriladi. Jabrlangan shaxslarga oid ma’lumotlarning sir saqlanishi ta’minlanadi.

Asosiy maqsad — odam savdosidan jabrlangan shaxsni aniqlashdan boshlab, uning ehtiyojini baholash, himoya qilish, reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiyasigacha bo‘lgan jarayonlarni yagona tizim asosida tashkil etish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100819 | Инструменты