Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida Ozarbayjon parlamenti tomonidan Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining 4-konferensiyasi o‘tkazildi.
Unda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson, PI Bosh kotibi Martin Chungong hamda Qo‘shilmaslik harakatiga aʼzo boshqa davlatlar parlamentlari vakillari ishtirok etdi.
“Bandung ruhining 70 yilligini nishonlash: Bandung tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashda parlamentlarning roli” mavzusidagi konferensiyani Qo‘shilmaslik harakati raisi S.Gafarova olib bordi.
Taʼkidlanganidek, dunyo davlatlari o‘rtasida adolat, tenglik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatni o‘rnatish maqsadida tuzilgan Qo‘shilmaslik harakatining xalqaro munosabatlardagi ahamiyati tobora ortib bormoqda.
O‘zbekiston ushbu harakatning faol ishtirokchisi sifatida tashqi siyosatda kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, davlatlarning hududiy yaxlitligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kabi ustuvor tamoyillarni ilgari suradi.
Konferensiyada Senat Raisi T.Norboyeva geosiyosiy beqarorlik, iqlim o‘zgarishi va global iqtisodiy inqirozlar sabab yuzaga kelayotgan tahdidlarga qarshi parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligini qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, parlamentlararo tashabbuslar, qo‘shma qo‘mitalar tashkil etish va xalqaro forumlarda faol ishtirok etish davlatlar orasida ishonchni mustahkamlaydi va global miqyosda kelishilgan qarorlarni qabul qilishga xizmat qiladi.
Konferensiya yakuni bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40800 | Инструменты