Prezident: Imom Al Buxoriy hazratlari jamlagan “Sahihi Buxoriy” kitobida zikr etilgan hadisi sharifda aytilganidek, “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida oʻtayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yigʻilishida ishtirok etmoqda.

Anʼanaga koʻra, tadbir avvalida raislik qiluvchi davlat madhiyasi va Qurʼon oyatlari yangradi.  Anjumanda Shavkat Mirziyoyev ham nutq so`zlab, bankning yillik anjumani Toshkentda oʻtkazilishi oʻziga xos ramziy maʼnoga egaligini ta'kidlagan.

"Biz buni Oʻzbekistonning islom dunyosi rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, mamlakatda soʻnggi besh yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning eʼtirofi, deb hisoblaymiz.

Oʻzbek xalqining buyuk ajdodi, butun musulmon olamining ulugʻ namoyandasi Imom Al Buxoriy hazratlari jamlagan “Sahihi Buxoriy” kitobida zikr etilgan hadisi sharifda aytilganidek, “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir”.

Barchamiz xolis niyat qilgan ekanmiz, Yaratganning marhamati bilan bugun Islom taraqqiyot banki guruhining   yillik uchrashuvini jonli ravishda oʻtkazishga muvaffaq boʻlayapmiz. Taʼkidlash joizki, mazkur tadbir pandemiya boshlangandan beri dunyodagi xalqaro moliyaviy institutlar orasida birinchi boʻlib tashkil etilgan nufuzli anjumandir“.

Shuingdek, davlat rahbari Islom taraqqiyot bankining barcha aʼzo davlatlari vakillari nomidan Muhammad Al-Jassirni bank Prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabrikladi va yurtimiz bilan hamkorlik faoliyatining muhim qismiga aylanishiga ishonch bildirdi. Qolaversa, yurtimizning islom dunyosi bilan koʻp asrlik aloqalariga alohida toʻxtalib oʻtdi. 

”Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Islom taraqqiyot bankiga bundan 18 yil avval aʼzo boʻlgan. Ayni vaqtda yurtimizning Islom dunyosi bilan aloqalari ming yildan ziyod tarixga egadir.

Asrlar davomida Oʻzbekiston zamini musulmon olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining markazlaridan biri boʻlganidan sizlar albatta xabardorsiz. Qadimiy Oʻzbekiston – yaʼni, Movarounnahr diyori islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga unutilmas hissa qoʻshgan alloma va mutafakkirlar yurtidir. Buxorolik buyuk ulamo – imom Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy va uning butun dunyoga tanilgan shogirdlari, imom Al-Buxoriy va imom At-Termiziy asarlarining islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi ahamiyati beqiyosdir.
Buxoroi sharif musulmon olamida “Qubbat-ul islom”, yaʼni, “Islom dinining gumbazi” nomi bilan maʼlum va mashhurdir.
“Jorulloh” (“Allohning qoʻshnisi”) degan sharafli nom bilan ulugʻlangan Xorazmlik alloma Mahmud Az-Zamahshariy arab tili grammatikasi rivojiga ulkan hissa qoʻshganligi sizlarga yaxshi maʼlum, deb oʻylayman.
Makkai mukarramadagi “Masjid ul-Haram” yaqinida yashagan bu benazir olimning grammatikaga oid “Al-Mufassal” asari, arabcha-forscha lugʻat kitobi Sharq davlatlari oliygohlarida koʻp asrlar mobaynida asosiy darslik va qoʻllanma vazifasini bajargan", - deya ta'kidlagan prezident.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40505 | Инструменты