Prezident Shavkat Mirziyoyev Ohangaron tumanidagi “Vades Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan yuqori texnologiyali loyiha bilan tanishdi.
Mazkur korxonada identifikatsiya uchun moʻljallangan mikroprotsessor modullari, sim-kartalar, shuningdek, transport, ijtimoiy va xalqaro toʻlov kartalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvarda “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Hujjatda elektrotexnika sanoati va unga yondosh sohalarni rivojlantirish, yuqori texnologiyali hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish borasida vazifalar belgilab berilgan.
Shunga muvofiq, korxona raqamli davlat xizmatlarini joriy etish, fuqarolarning kundalik ehtiyojlari uchun qulay va xavfsiz toʻlov tizimlarini shakllantirishda zarur boʻlgan vositalarni ishlab chiqaradi.
Germaniyaning “Infineon technologies” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Eltech Industrial” texnoparki hududida tashkil etilayotgan korxonaning umumiy qiymati 15 million dollarga teng.
Ayni vaqtda qurilish ishlarining ikkinchi bosqichi oʻn besh foizga bajarilib, 7 million dollar investitsiya oʻzlashtirilgan.
Hududi 4 gektar maydonni egallagan zamonaviy majmuada 100 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi, 6 million dollarlik eksport amalga oshiriladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, 2025-yil davomida mamlakatimizga 35 million dollarlik mikroprotsessor modullari, sim-kartalar va turli toʻlov kartalari import qilingan.
Mazkur korxona toʻliq ishga tushishi hisobiga 5 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, bozordagi tannarx uch-besh foizga pasayishi kutilyapti.
Zamonaviy korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Mozambik, Kambodja kabi qator davlatlarga eksport qilinadi.
Davlatimiz rahbari MDH davlatlari orasida ishlab chiqarish hajmi boʻyicha uchinchi oʻrinda boʻlishi kutilayotgan ushbu korxonada yaratilayotgan shart-sharoitlar, texnologik ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Prezidentimiz yuqori qiymatli mahsulotlar boʻyicha innovatsion yondashuvlarni joriy etish, mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish va eksportni yanada kengaytirish masalalarida muhim topshiriq va tavsiyalar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21315 | Инструменты