Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni AQShning Vashington shahriga amaliy tashrifdan so‘ng Toshkentga qaytib kelgach, Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Qoraqalpogʻiston oʻzining ulkan maydoni va qazilma boyliklar zaxirasi bilan katta iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega. Xususan, 270 million tonna sement, 256 million kub metr qurilish va pardozbop toshlar, 200 million tonna ohak, 31 million kub metr keramzit, 30 million kub metr qurilish qumlari, 27 million kub metr gʻisht xomashyosi, 6,9 million tonna shisha, 6,5 million tonna gips, 4,3 million tonna vermikulit zaxiralari aniqlangan.

Shu bilan birga, shahar va tumanlar, ovullar oʻrtasidagi masofa uzoqligi har bir hududning solishtirma ustunligidan unumli foydalanib, aniq hisob-kitob bilan ishlashni taqozo etadi. Umuman, qayerda sogʻlom muhit, qulay sharoit, adolatli va shaffof tizim boʻlsa, tadbirkor oʻsha joyda ishlashni xohlaydi, investor ham ana shunday hududga mablagʻ tikadi.

Taqdimotda soʻnggi yillarda Qoraqalpogʻiston iqtisodiyotida sezilarli oʻzgarishlarga erishilgani qayd etildi. Jumladan, 8 yil oldin hudud iqtisodiyoti jon boshiga hajm boʻyicha eng oxirgi oʻrinda boʻlgan boʻlsa, bugun 7-oʻringa koʻtarildi. Sanoat mahsulotining atigi 4 foizi eksportga chiqqan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 30 foizga yetdi. Umumiy eksport 2016-yilga nisbatan 3,5 karra oshib, 2,1 milliard dollar boʻldi.

Kelgusi 5 yilda hudud iqtisodiyotini 102,5 trillion soʻmga (2025-yilda 54,3 trillion soʻm boʻlgan), jon boshiga esa 51 million soʻmga yetkazish, sanoat va xizmatlar sohasida 7,2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Barcha imkoniyatlarni ishga solib, sanoat, xizmatlar va turizm eksportini 900 million dollarga yetkazish muhimligi taʼkidlandi (2025-yilda 435 million dollar boʻlgan).

Joriy yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambagʻallikni 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Qoʻshimcha ravishda “ogʻir” toifadagi Boʻzatov, Qonlikoʻl, Moʻynoq va Shumanay tumanlari hamda 90 ta mahallada kambagʻallikni 2 barobar qisqartirish vazifasi qoʻyildi.

Taqdimotda investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududga avval berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirish taklifi bildirildi. Prezidentimiz ushbu taklifni qoʻllab-quvvatladi.

Qoraqalpogʻistonga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 barobar oshirish (2025-yilda 3,5 milliard dollar boʻlgan) maqsad qilingani qayd etildi.

Hudud uchun ishlab chiqilgan yirik investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berildi.

Sunʼiy intellekt sohasi uchun Taxiatosh tumanida modulli intellektual hisoblash markazini tashkil etish, Nukus shahrida avtomobil sanoati uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnologik klaster barpo etish, bazalt tolasi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, chiqindilarni kuydirish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, Qoraoʻzak tumanida koʻmirdan oltin ajratib olish fabrikasi, Taxtakoʻpir tumanida paxta tozalash va yigirish fabrikasi, Chimboy tumanida ip-kalava ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari shular jumlasidan.

Qishloq xoʻjaligi boʻyicha Qoraqalpogʻistonda mavjud yer resursidan foydalanish darajasi hudud imkoniyatlariga mos emasligi koʻrsatib oʻtildi. Mavjud maydonlarning atigi 2,5 foiziga ekin ekilayotgani, qolgan 16 million gektar deyarli ishlatilmayotgani qayd etildi. Iqlimga mos yangi ekin turlarini topib, ularni yetishtirish boʻyicha ilmiy-amaliy tajribalarni yoʻlga qoʻyish, suvsizlik va shoʻrga chidamli, shu jumladan, farmatsevtika sanoati uchun dorivor giyohlarni katta maydonlarda yetishtirib, eksportni koʻpaytirish vazifalari belgilandi.

Yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha Vazirlar Kengashi raisining alohida oʻrinbosari boʻlishi belgilandi. Joriy yilda 10 ming gektar yaylovni tiklash, oʻsimliklarni sunʼiy intellekt asosida monitoring qilish, kasalliklarni erta aniqlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish vazifalari qoʻyildi.

Joriy yilda Qoʻngʻirot, Chimboy, Beruniy, Boʻzatov va Qonlikoʻlda chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash va qadoqlash loyihalari, Beruniy tumanida yiliga 36 ming tonna chorva va baliq ozuqasi ishlab chiqaradigan zamonaviy agromajmua ishga tushiriladi.

Turizmni hududning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.

 “Borsa kelmas” tuz koni hududida “Yer koʻzgusi” brendi ostida turizm-rekreatsion zonasi, Orolboʻyi va Ustyurt platosida Mars sayyorasi manzarasini eslatuvchi nuqtalarda glemping zonalari tashkil etiladi. Orol dengizi qurishi oqibatlarini butun dunyoga namoyish qilish uchun Orol dengizi tarixi muzeyi ochiladi.

Bu ishlar hisobiga joriy yilda Qoraqalpogʻistonga 500 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyoh jalb etish vazifasi qoʻyildi. Mashhur turoperatorlarga hududning jozibadorligini oshirish uchun qoʻshimcha imtiyozlar joriy qilinadi.

Intellektual loyihalar va startaplarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangicha tizimni Qoraqalpogʻistondan boshlash belgilandi. Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazida IT universiteti va startaplar uchun texnopark tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, sunʼiy intellektni rivojlantirishga 5 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, maʼlumotlarni qayta ishlash, “bulutli” maʼlumotlar va hisoblash markazlari imkoniyatlaridan foydalanish darajasi 10 karra oshirilishi koʻzda tutilgan. Joriy yilda Qoraqalpogʻistonda 1 million dollarlik 10 ta startap loyihasini boshlash, bu maqsadlarga Ilm-fan va innovatsiyalar jamgʻarmasidan har yili 30 milliard soʻmdan ajratib borish topshirildi.

2027-yil yakunigacha Qoʻngʻirotda xalqaro standartlarga javob beradigan “quruq port” maqomiga ega Orol logistika markazini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yilda Qoraqalpog‘istondagi infratuzilma loyihalari uchun 150 milliard so‘m, markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirilishi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv taqsimlash va tozalash inshootlari hamda yo‘l qurilishi loyihalariga 200 million dollar jalb qilinishi belgilandi.

Yigʻilish yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonda belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyat va resurslarni toʻliq ishga solish, har bir tuman va mahallada aniq hisob-kitob hamda manzilli yondashuv asosida ish tashkil etib, aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini tezroq taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22021 | Инструменты