Huawei 1
Respublika onkologiya markaziga turkiyalik mutaxassis rahbar etib tayinlandi

Turkiyalik mutaxassis Sedat Qoya Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga direktor etib tayinlandi. Bu haqdagi buyruqni sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov imzoladi, deb xabar qildi SSV matbuot xizmati.

Sedat Qoya dastlab Anqara universitetining tibbiyot fakultetida taʼlim olgan. Keyinchalik Anadolu universitetida biznes boshqaruvi, Otaturk universitetida tibbiyot muassasalarini boshqarish yo‘nalishlarida bakalavr hamda Sakariyo universitetida sog‘liqni saqlashni boshqarish yo‘nalishida magistratura bosqichini tamomlagan.

Xorijlik mutaxassis 2011–2018 yillarda Sakariyo universitetining klinik shifoxonasi va Sakariyo davlat shifoxonalari ittifoqida turli lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, Sakariyo sog‘liqni saqlash boshqarmasi vitse-prezidenti hamda boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

Taʼkidlanishicha, yangi rahbar zimmasiga O‘zbekistonda onkologiya xizmatini jahon standartlari darajasiga olib chiqish, sohada zamonaviy menejmentni yo‘lga qo‘yish, xorij tajribasi asosida eng so‘nggi tashxis va davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish, joylarda skrining tadbirlari qamrovini yana-da kengaytirish, shuningdek, sohaga sunʼiy intellekt va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, tizimni to‘liq raqamlashtirish orqali shaffoflikni taʼminlash, tibbiy turizmni rivojlantirish hamda yosh kadrlarning bilim va salohiyatini mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bir qator vazifalar yuklangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92014 | Инструменты