Sardor Umurzakov Oʼzbekiston prezidenti Аdministratsiyasi rahbari etib tayinlandi
Sardor Uktamovich Umurzakov Oʼzbekiston prezidenti Аdministratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda davlat rahbarining tegishli farmoni qabul qilindi.
Tayinlov munosabati bilan Sardor Umurzakov Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalar boʼyicha oʼrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimidan ozod etildi.
Eslatib o'tamiz, prezident Administratsiyasining avvalgi rahbari Zaynilobiddin Shaxobbidinovich Nizomiddinov 8-iyul kuni lavozimidan ozod qilinib, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari lavozimiga saylangan edi.
Sardor Umurzakov 1977-yil 23-noyabrda Toshkentda tugʻilgan. 1994-1998-yillarda Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining „Xalqaro moliya va bank ishi“ fakultetida oliy taʼlim olgan. Bakalavr diplomini olgandan soʻng, 1998-1999-yillarda Buyuk Britaniyaning Reding universitetida oʻqib, „Bank ishi“ ixtisosligi boʻyicha magistr darajasini olgan.
2000—2003-yillar bank sohasida mehnat faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankida 2-toifali mutaxassis sifatida boshlagan. Biroz vaqt oʻtgach, u 1-toifali mutaxassis, soʻngra — yetakchi mutaxassis va keyinchalik — Investitsiyalarni boshqarish boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlagan. 2003-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Samarqand boʻlimi boshqaruvchisining oʻrinbosari etib tayinlangan.
2004-yildan 2007-yilgacha Londonda yashab, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining moliyaviy institutlari biznes guruhining katta bankiri lavozimida ishlagan. Buyuk Britaniyadan qaytgach, 2007-yildan 2013-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida rahbarlik lavozimlarni egallagan.
2014-yildan 2017-yilgacha — „Oʻzbekcharmpoyabzal“ uyushmasi raisining maslahatchisi. Keyinchalik (2017—2018-yillarda) ushbu uyushmaning Boshqaruvi raisining oʻrinbosari boʻlib ishlagan. Soʻngra, 2018—2019-yillarda „Oʻzbekcharmpoyabzal“ uyushmasi qayta tashkil etilishi natijasida yangidan tuzilgan „Oʻzcharmsanoat“ uyushmasining raisi lavozimida ishlagan.
2019-yil 28-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Sardor Umurzakov Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlangan.
Prezidentning 2020-yil 10-martdagi farmoni bilan Sardor Umurzakov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlangan.
Shuningdek, 2019-yil yanvar oyidan buyon Savdoni tarif va notarif tartibga solish kengashining raisi va Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiyasining raisi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112010 | Инструменты