Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalani qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni Toshkent shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalani qabul qildi.

Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomini yetkazdi.

BMT institutlari, xususan, Maxsus vakil ofisi bilan bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Maxsus vakil O‘zbekiston yetakchisining bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarni mojaroli hududlardan qaytarish, bolalar mehnatiga barham berish borasidagi samarali islohotlarini yuqori baholadi.

Bola huquqlariga oid xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik va milliy institutlar faoliyatini takomillashtirish masalalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha mintaqaviy konferensiya va BMT bosh qarorgohida O‘zbekistonning amaliy tajribasi bilan tanishish bo‘yicha davra suhbatini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40800 | Инструменты