Quvada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Viloyatdagi baʼzi korxonalarda ishlab chiqarish hajmi pasaygani, ayrimlari ishlamayotgani, 3 ta loyihani ishga tushirish 4-5 yildan beri cho‘zilib kelayotgani tanqid qilinib, masʼul rahbarlar bunday korxonalarga yordamlashishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Ro‘yxatga olingan tadbirkorlarning muayyan qismi faoliyat yuritmayotgani, ayrimlarida esa aylanma va ish o‘rinlari qayd etilmagani “yashirin iqtisodiyot”dan dalolat berishi qayd etildi.
Mutasaddilarga bu holatlarni o‘rganib, “soyadan” chiqishga ko‘maklashish topshirildi.
So‘nggi yetti yilda respublika sanoati 1,6 barobar o‘sgani bilan, Farg‘ona bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinda. Viloyat sanoatining yarmi Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari, Uchko‘prik tumaniga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yillarda viloyatga kiritilgan har bir ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumlarini o‘rtacha 207 dollarga ko‘paytirgan. Lekin bu ko‘rsatkich bo‘yicha Toshloq, Dang‘ara, Yozyovon, Rishton va Uchko‘prik ancha orqada.
Mutasaddilarga meva-sabzavot eksporti va paxtani qayta ishlashda ham kamchiliklar borligi, bu boradagi rejalar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 63013 | Инструменты