Davlat rahbari Parkentning yangi vokzal stansiyasi bilan tanishar ekan, temir yoʻl infratuzilmasini yanada takomillashtirish, vokzallarda xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, yoʻlovchilar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish, qatnovlar samaradorligini taʼminlash va temir yoʻlga tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni Toshkent shahridan Parkent tumaniga elektropoyezdda bordi.
Davlat rahbarining qaroriga muvofiq, poytaxt bilan Parkent tumanini bogʻlash maqsadida yangi elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasi qurildi. Joriy yilning sentabr oyidan Toshkent – Parkent yoʻnalishida elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.

Loyiha doirasida 535,4 milliard soʻm hisobidan 24 kilometrlik Baytqoʻrgʻon – Parkent elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasi qurildi. Bitta yangi bekat, uchta koʻprik, avtomobil yoʻl oʻtkazgichi, 77 ta suv oʻtkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yoʻl kesishmasi barpo etildi. Shuningdek, 24 kilometrlik kontakt tarmogʻi va elektr uzatish liniyasi qurildi. Loyiha natijasida 40 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Toshkent va Parkent oʻrtasidagi umumiy masofasi 57,6 kilometr boʻlgan yoʻnalishda oltita vagondan iborat zamonaviy “EP3D” elektropoyezdi qatnamoqda. Qiymati 124 milliard soʻmlik poyezd 586 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan boʻlib, soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Elektropoyezd Toshkentdan Parkentgacha boʻlgan masofani 1 soat 13 daqiqada bosib oʻtadi. Yoʻl haqi 10 ming soʻm etib belgilangan boʻlib, ushbu yoʻnalishdagi taksi xizmati oʻrtacha narxidan 2,5 barobar arzon. Yangi yoʻnalishda kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming nafar yoʻlovchini tashish imkoniyati mavjud.
Elektropoyezdda yoʻlovchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Vagonlar iqlim nazorati tizimi, qulay oʻrindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari va bepul Wi-Fi bilan jihozlangan.

Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus koʻtargichlar va moslashtirilgan joylar, velosipedlarni tashish moslamalari hamda elektron axborot tablolari oʻrnatilgan. Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida videokuzatuv va toʻqnashuv paytida zarba kuchini kamaytiruvchi tizimlar nazarda tutilgan.
Safar chogʻida Prezident Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatidan yanada samarali foydalanish masalalariga eʼtibor qaratdi. Xususan, yer resurslaridan unumli foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi va mahsulotlarni qayta ishlash tarmoqlari salohiyatini kamida ikki barobar oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112013 | Инструменты