Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 3-may kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Rossiya Prezidentining o‘tgan yil may oyidagi O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar va biznes darajasidagi faol muloqotlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, Toshkent shahrida beshinchi "Innoprom. Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tgan ishbilarmonlik tadbirlarining samarali natijalari yuksak baholandi.

Gumanitar hamkorlik, eng avvalo, madaniyat, san’at, fan va ta’lim, sport va turizm sohalarida kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak uchrashuvlar rejasini muhokama qildilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50404 | Инструменты