Huawei 1
Temur Ahmedov: "O'zbekiston Prezidentining tashabbusi MDH davlatlari tajribasini birlashtirishga imkon beradi"

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida bo'lib o'tgan MDH sammitida Shavkat Mirziyoyev MDH Aksilterror markazi bazasida deradikalizatsiya sohasida, shu jumladan, qurolli to'qnashuvlar hududlaridan qaytgan shaxslarni ularning tinch hayotga qaytishi borasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Mazkur tashabbusning ahamiyati bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida kuzatilayotgan qurolli to'qnashuvlar va ularda MDHga a'zo davlatlar fuqarolarining ishtirok etishi bilan bog'liq.

Shu nuqtai nazardan, hozirda va yaqin kelajakda MDH makonida ekstremizm va terrorizm xavfsizlikka asosiy tahdid sifatida ko'rilmoqda. Ayni paytda, ushbu yo'nalish MDHni 2030 yilgacha yanada rivojlantirish konsepsiyasidan alohida o'rin egallaganini ham qayd etish lozim.
Shu bilan birga, Hamdo'stlik mamlakatlarining har biri qurolli to'qnashuvlar hududlarida bo'lgan o'z fuqarolarini deradikalizatsiya qilish bo'yicha o'ziga xos tajribaga ega. Masalan, O'zbekiston, Qozog'iston, Rossiya va Tojikiston Suriya va Iroqdan mingdan ortiq fuqarolarini o'z vataniga qaytarishdi. Ushbu sohadagi keyingi hamkorlik mazkur shaxslarni ijtimoiy moslashuvi bo'yicha samarali va muvofiqlashtirilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga imkon beradi.

Aytish joizki, MDHning Aksilterror markazi Hamdo'stlik davlatlarining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan muvofiqlashtiruvchi tuzilma vazifasini bajaradi. Mazkur markaz bu borada turli konseptual dasturlarni ishlab chiqish tajribasiga ega.

Shuningdek, MDHda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan o'rta muddatli strategiyalarni qabul qilish bo'yicha samarali amaliyot yaratilgan. Masalan, 2019 yilda mazkur yo'nalishda MDHga a'zo davlatlarning 2020-2022 yillarga mo'ljallangan dasturi qabul qilindi. Biroq, ushbu hujjat ekstremistik harakatlarga aloqador shaxslarni deradikalizatsiya qilish bo'yicha hamkorlik choralarini o'zida aks ettirmadi.

Shu bois, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu sohadagi tashabbusi radikal g'oyalarga qarshi kurashish, shuningdek ekstremizm va terrorizmda aybdor deb topilgan shaxslarning profilaktikasi va reabilitatsiyasi masalalarini MDH kun tartibiga kiritishi dolzarb va strategik ahamiyatga ega.

Aniq ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu tashabbusning ijobiy natijalariga yaqin kelajakda guvoh bo'lish mumkin.

Temur AHMEDOV,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo'lim rahbari

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112211 | Инструменты