Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “TСT Rice” sholichilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.
Ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatda sholi yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash bo‘yicha to‘liq sanoat zanjiri yaratilgan.
Aytish joizki, ilgari sholikorlar faoliyati tarqoq bo‘lgani uchun tuzuk daromad ololmasdi. Ayniqsa, sholini qayta ishlashda ko‘plab muammolarga duch kelinardi. Keyingi yillarda alohida e’tibor tufayli sohada sifat o‘zgarishlari boshlandi, samaradorlik oshdi.
Bugungi kunda Toshkent viloyatida ham sholichilik tarmog‘ida muayyan yutuqlarga erishilmoqda.
Viloyatda joriy yil hosili uchun 8,7 ming gektar sholi ekildi. Suv tejovchi texnologiyalar uchun 3 ming gektar yer lazerli tekislandi. Natijada viloyat bo‘yicha 60 million metr kub suv tejaldi, 522 tonna urug‘lik sarfi kamaydi.
Jumladan, “TCT Rice” klasteri tomonidan 2 ming gektardan ziyod maydonda “Iskandar”, “Guliston”, “Nukus” navlari ekilib, parvarishlandi.
Bugungi kunda 985 gektar maydonda sholi yig‘ib olinib, gektariga o‘rtacha 65-70 sentnerdan, ayrim dalalarda 80-85 sentnerdan hosil olindi.
Davlatimiz rahbari shu yerda fermerlar, qishloq xo‘jaligi faxriylari bilan muloqot qildi. Ular hosildor navlar va yangicha agrotexnologiyalar tufayli mehnatdan manfaatdorlik oshib borayotganini aytdi.
– Bugun hamma sohada ilmga, innovatsiyaga, ilg‘or texnologiyalarga tayanyapmiz. Qishloq xo‘jaligida ham bozor tamoyillarini joriy etib, daromadni oshirmaganimizda bugungidek hosildorlik bo‘lmasdi. So‘nggi vaqtlarda tabiat o‘zgarib, suv taqchilligi ortmoqda. Endi mirishkorlar bunga moslashib ishlashi, tomchilatib sug‘orish, suvdan tejab foydalanishni o‘rganishi kerak, – dedi Prezident.
Sohadagi xorijiy tajribalarni o‘rganish, ilm bilan mehnat unumdorligini oshirish muhim ekani ta’kidlandi. Mutasaddilarga hosildor navlarni ko‘paytirish, qayta ishlashni kuchaytirish, suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101521 | Инструменты