O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvidagi raisligi doirasida tashkil etildi.
Tadbir ochilishida ishtirokchilarga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaati o‘qib eshittirildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari muloqoti mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar va taʼsirchan mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv davomida asosiy eʼtibor mintaqa mamlakatlari xavfsizligiga zamonaviy tahdidlar va xatarlarga baho berishning yagona yondashuvlarini ishlab chiqish, shuningdek ularni bartaraf etishda maxsus xizmatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish masalalariga qaratildi.
Tomonlar mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm, noqonuniy narkotik va qurol-yaroq aylanmasiga qarshi kurashish, transmilliy jinoyatchilik, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohalaridagi dolzarb masalalarni hamda o‘zaro manfaatli boshqa hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Ushbu tadbir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni yana-da mustahkamlash maqsadida maxsus xizmatlar rahbarlarining muntazam uchrashuvlariga asos soldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42418 | Инструменты