17-19-aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Orol turizmi” xalqaro haftaligi oʻtkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya vazirligi, Turizm qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda 30 mingga yaqin ishtirokchi, xususan, xorijiy mehmonlar, talabalar, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, qozoq, rus, koreys, ukrain, turkman milliy madaniy markazlari vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro haftalik doirasida Orol dengizidagi ekologik vaziyatni yaxshilashga, hududning turizm salohiyatini to‘laqonli namoyish qilish hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, “Orolboʻyi ezgu niyat elchilari” xalqaro konferensiyasida xorijiy va mahalliy mutaxassislar, tadqiqotchilar tomonidan Orolboʻyida daraxtzorlar tashkil etish, sho‘rlanishni kamaytirish, cho‘llanishning oldini olish, Orolboʻyi hududlarida istiqomat qiluvchi aholining turmush tarzini yaxshilash, turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan qator loyihalar ilgari surildi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida birgalikda Nukus shahri hududida “Daraxt ekish” aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya doirasida 200 tup daraxt ekildi.
Qolaversa, sog‘lom turmush tarziga qaratilgan “10 ming qadam” jamoatchilik loyihasi doirasida piyoda yurish marafoni (5000 nafarga yaqin ishtirokchi) hamda badminton sport turi musobaqasi o‘tkazildi. Marafonda 5000 nafar, badminton musobaqasida esa 100 nafarga yaqin yoshlar o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rishdi.
Bundan tashqari, “Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar” xalqaro gastronomik festivalida barcha viloyatlardan kelgan oshpazlar o‘zaro bellashdi. Festival Qoraqalpog‘iston Respublikasining gastroturizm borasidagi salohiyatini to‘liq namoyon qildi. Festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanidan Jasur Sobirov 1-o‘rinni, Bo‘zatov tumanidan Oygali Omarov 2-o‘rinni, Ellikqal'a tumanidan Feruza Razzakova 3-o‘rinni egalladi.
Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari uchun Xo‘jayli tumanida joylashgan qadimiy Mizdaxkon kompleksi, “Qoraqalpoq etno aul” turizm markazi, Savitskiy nomidagi davlat sanʼat hamda Tarix muzeylariga ekskursiyalar uyushtirildi.
Festival yakunida taqdirlash marosimi hamda estradamizning yorqin yulduzlari ishtirokida “Open-air” (ochiq osmon ostida) gala-konsert dasturi taqdim etildi. Unda, asosan, yoshlarni birlashtiradigan, ularda do‘stlik, bag‘rikenglik tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qiladigan musiqalar yangradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42317 | Инструменты