Huawei 1
Xitoy yetakchisi O‘zbekiston prezidentini Navro‘z bilan tabrikladi

Xitoy yetakchisi O‘zbekiston prezidentini Navro‘z bilan tabrikladi. Si Szinpinning maktubida Xitoyga davlat tashrifi rejalashtirilayotgani ham aytilgan.

“O‘zbekistonning milliy bayrami – Navro‘z ayyomi bilan Xitoy hukumati va xalqi hamda shaxsan o‘z nomimdan Sizni va O‘zbekiston xalqini chin qalbimdan muborakbod etishdan g‘oyat mamnunman”, - deb yozadi Si Szinpin.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili sentabr oyida Si Szinpinning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida mamlakatlarning strategik hamkorligini yanada rivojlantiruvchi, xalqlar manfaatiga xizmat qiluvchi qo‘shma bayonot qabul qilingan, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish istiqbollari belgilab olingan.

“Men Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qarataman. Sizning joriy yil may oyiga rejalashtirilgan ilk “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etishingizni va Xitoyga davlat tashrifingizni kutib qolaman”, deyiladi Si Szinpinning maktubida.

XXR yetakchisi O‘zbekiston prezidenti bilan birgalikda Xitoy – Markaziy Osiyo munosabatlari istiqbollari hamda mamlakatlarning ikki tomonlama hamkorligiga oid katta rejalarini muhokama etishi O‘zbekiston-Xitoy hamkorligini yanada yuqori darajaga ko‘tarishiga ishonch bildirgan.

“Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik-salomatlik, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman. Do‘st O‘zbekiston xalqiga baxt va farovonlik hamisha yor bo‘lsin!” - deya yakunlangan Si Szinpin maktubi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92823 | Инструменты