Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Viloyatning turizm salohiyatidan to‘liq foydalanish zarurligi taʼkidlandi.
Xonoboddagi Kampirovot mahallasida 92 gektar hududda turizm markazi tashkil qilinadi. Bunday turizm maskanlari Buloqboshidagi Shirmonbuloq, Xo‘jaoboddagi Tosh ota mahallalarida ham tashkil qilinsa, qo‘shimcha 1 million turist jalb qilish uchun barcha imkoniyatlar bor.
Mutasaddilarga ushbu mahallalarning master-rejasini ishlab chiqib, zarur infratuzilma xarajatlarini hal qilib berish topshirildi.
Viloyat va tuman hokimliklari bu yil 125 million dollarlik 25 ta loyihani yakuniga yetkazish, 3,5 million xorijiy va mahalliy sayyohni jalb qilib, turizm eksportini 200 million dollardan oshirishga masʼul etib belgilandi.
Yig‘ilishda investitsiya va eksport masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘tgan uch yilda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman hokimlari xorijiy investorlar bilan 600 dan ziyod kelishuvga erishgani bilan, ularning atigi uchdan biri loyihaga aylangani tanqid qilindi.
O‘tgan yili kiritilgan investitsiyalarning yarmidan ko‘pi Baliqchi, Buloqboshi, Andijon tumani va shahriga to‘g‘ri keladi. Paxtaobod, Izboskan va Shahrixonda bu 50 million dollarni tashkil etgan, xolos.
Mutasaddilarga elektron platforma yaratib, xorijiy investorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar ro‘yxatini yuritish, ular ko‘targan har bir masala bo‘yicha aniq ijrochilarni belgilab, kunlik nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42600 | Инструменты