Kimlar mol-mulk solig'idan to‘liq ozod etilgan?
2023-yilda 2018-yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblab chiqarilgan soliq summasi 2022-yil uchun hisoblangan soliq summasidan 1,3 baravardan oshishi mumkin emas.
Bunda 2023-yildan boshlab yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlari qismida jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasini oʻtgan yildagiga nisbatan cheklashni qoʻllash amaliyoti bekor qilingan.
Ushbu norma koʻchmas mulk obyektlari jismoniy yoki yuridik shaxsga tegishli ekanidan qatʼi nazar, ularning funksional vazifasiga (noturar joylar) qarab soliq solishning teng sharoitlarini yaratish maqsadida joriy etilgan.
2022-yilning 1-iyulidan boshlab qonunchilikda yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan oshirilgan soliq stavkalarini belgilash yoʻli bilan taʼsir choralari qoʻllanilishi mumkin boʻlgan koʻchmas mulk obyektlariga soliq solish tartibi bekor qilingan.
Kimlar mol-mulk solig'idan to‘liq ozod etilgan?
- “Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan, uchala darajadagi “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar;
- urush nogironlari va qatnashchilari;
- harbiy xizmat yoki ichki ishlar organlaridagi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib boʻlganligi oqibatida yoxud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari hamda beva xotinlari (beva erlari). Beva xotinlarga (beva erlarga) soliq imtiyozi faqat ular yangi nikohdan oʻtmagan taqdirda beriladi;
- energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanadigan energiya manbalari oʻrnatilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga;
- yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar mulkida bo‘lgan mol-mulk (23-yoshga qadar) soliq solishdan ozod etiladi.
Jismoniy shaxslar imtiyozdan foydalanish uchun soliq imtiyoziga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni ikki usulda taqdim etishi mumkin:
- my.soliq.uz portalidagi shaxsiy kabinetida "Jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlardan foydalanish to‘g‘risida soliq organlarini xabardor qilish" xizmati orqali;
- ko‘chmas mulk joylashgan yerdagi soliq organiga mustaqil ravishda shaxsan taqdim etish orqali.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20421 | Инструменты