Joriy yilning 23-sentabridan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabulining ikkinchi bosqichi boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning tasdiqlangan maqsadli parametrlari doirasida fuqarolar arizalarni 23-sentabr kuni soat 09:00dan boshlab jo‘natishlari mumkin.
Navbatdagi bosqichda ijtimoiy mezonlarga muvofiq, subsidiya olish uchun fuqarolarga yanada kengroq imkoniyat yaratish maqsadida ularning daromadlarini inobatga olish tartibiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Endilikda ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, uning daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin.
Ariza beruvchi yoki uning turmush o‘rtog‘ining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) o‘rtacha daromad miqdori quyidagicha bo‘lishi zarur:
- Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (2,83 mln — 8,4 mln so‘m);
- Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha (2,83 mln so‘m — 9,66 mln so‘m).
Alpha version: 0.9.1.19 build 100319 | Инструменты