Huawei 1
To‘lqin Qilichev Osiyoda yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi To‘lqin Qilichev Osiyo boks konfederatsiyasi tomonidan yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Bu haqda Olimpiya qo‘mitasi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Osiyo boks konfederatsiyasi yil yakunlari bo‘yicha eng yaxshilarni e’lon qilgan. Unda 3 o‘zbekistonlik o‘z yo‘nalishlarida qit’ada tengsiz deb topilgan.

Xususan, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, “Milliy sport mukofoti-2024” tanlovida “Yilning eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyada g‘alaba qozongan To‘lqin Qilichev qit’a boksida ham eng yaxshi ustoz deb topilgan. Shuningdek, kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempioni Feruza Kazakova U22 yosh toifasida, o‘smirlar o‘rtasida qit’a chempioni Maftuna Yangiyeva ham o‘z yosh toifalarida eng yaxshi deb e’tirof etilgan.

“Qolaversa, Osiyo boks konfederatsiyasi O‘zbekiston terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida qit’amiz sharafini munosib himoya qilgani uchun alohida minnatdorchilik bildirdi”, deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10218 | Инструменты