Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan elektr ta’minoti korxonalari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda respublikaning 5 ta hudida elektr energiyasi tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari aniqlandi.
Ma'lum bo'lishicha, Departamentning Toshkent viloyatining Zangiota tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, “T.-B.”, “T.A.” MCHJ rahbarlari va “O‘rtaovul” MFYda yashovchi Yu.B.lar maishiy xizmat ko‘rsatish binolarini elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulagan. Ular jami 476,6 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Qashqadaryoning Qarshi shahrida “K.g.” MCHJ rahbari va boshqalar korxonaga qarashli issiqxonani elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 348,1 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Samarqand viloyati Narpay tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “N.b.” fermer xo‘jaligi rahbari A.T. va boshqalar xo‘jalik transformatorini hech qanday hujjatsiz yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani aniqlandi. Ular 212,9 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Shu bilan birga, Xorazmning Urganch tumanida “Z.Q.” MCHJ va “J.N.” xususiy korxonasi rahbarlari umumiy ovqatlanish hamda qurilish obyektini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari o‘zboshimchalik bilan ulanib, 122,3 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Andijon viloyatining Xonobod shahrida ham “N.O.” oilaviy korxonasi rahbari korxona binosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari o‘zboshimchalik bilan ulab, 120 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi fosh etildi.
Ushbu qonunbuzilish holatlari oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga jami 618 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40121 | Инструменты