Andijonda sunʼiy intellekt bo‘yicha loyihalar va mutaxassislar tayyorlanadi

Andijon shahridagi "Digital City" texnoparkida sunʼiy intellekt sohasida innovatsion loyihalar ishlab chiqish va malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ish olib boruvchi alohida departament tashkil etiladi.

Xorijiy yetakchi kompaniyalar hamda sunʼiy intellekt sohasi mutaxassislari bilan o‘tkazilgan muzokaralar hamda ularning takliflaridan kelib chiqib, tashkil etilishi belgilangan departament texnoparkning yuqori texnologiyalar sohasidagi o‘rni, roli va imkoniyatlarini yana-da oshiradi.  

– Joriy yilda viloyatda IT sohasini rivojlantirish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borildi,– deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ziyodullo Samatov. – Jumladan, 2023 yil yanvar-sentabr oylarida 34,5 milliard so‘mlik dasturiy xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 barobarga ortgan.    

Viloyatda mazkur yo‘nalishdagi ishlar hajmini oshirish, mavjud imkoniyatlardan kengroq foydalanish, xususan, sunʼiy intellekt sohasida yangi-yangi  loyihalar tayyorlash, ilg‘or, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga, amaliyotga tatbiq etish, soha uchun yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha taʼlim dasturlari ishlab chiqish departament faoliyatining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.    

Bundan tashqari, yangi departament viloyatda amalga oshirilayotgan “Hokim akademiyasi” taʼlim platformasini, shuningdek, sog‘liqni saqlash, turizm sohalarini raqamlashtirish borasidagi ishlarni ham amalga oshirishga yaqindan yordam beradi.  

Shuningdek, Digital City texnoparkida tashkil etiladigan yangi tuzilma xalqaro yo‘nalish va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlaydi, hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha almashinuvini yo‘lga qo‘yadi. Sunʼiy intellekt sohasidagi global innovatsiyalar va taʼlim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ladi, qolaversa, talabalar, olimlar hamda mutaxassislar uchun yana-da keng imkoniyatlar eshigini ochadi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты