Shu kunlarda O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonning Kobul va Mozori Sharif shaharlarida bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif doirasida “Made in Uzbekistan” savdo uyining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Ikki tomon vakillari hamda tadbirkorlari ishtirok etgan mazkur tadbirda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan keng turdagi mahsulotlarni Afg‘oniston bozoriga olib kirish va bu yerdagi ehtiyojni qoplashda ushbu savdo uyi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar e’tiboriga keng turdagi elektrotexnika mahsulotlari va yangi texnologiyalar taqdim etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur savdo uyining ochilishi tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlab, savdoni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu yerda elektrotexnika mahsulotlari va yangi texnologiyalar muntazam ravishda namoyish etilib, mahalliy xaridorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, tashrif doirasida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi vakillari Qobul shahrida elektrotexnika sanoati sohasida faol muzokaralar olib bordi. Uchrashuvlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo bitimlari tuzish, hamkorlikni mustahkamlash va uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Afg‘oniston bozorining ehtiyojlari chuqur tahlil qilinishiga alohida e’tibor qaratildi.
Uyushma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, yangi savdo imkoniyatlari O‘zbekiston mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish, ularni mahalliy bozor ehtiyojlariga moslashtirish va ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash imkoniyatlarini yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, delegatsiyaning amaliy tashrifi ertaga yakunlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51321 | Инструменты