Akfa universitetining sobiq rektori Behzod Jalilov OTM yangi rahbariyati qo‘ygan ayblovlarni rad etdi.
"Men, Jalilov Behzod Sherzodovich, 2012-yildan buyon taʼlim sohasida faoliyat yuritib kelaman. Men faoliyatimni Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litseyda oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari boʻlib boshlaganman, shuningdek, 2016-2018 yillar davomida Xalqaro Vestminster universitetining oʻquv boʻlimi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritganman. Keyinchalik Toshkent shahridagi Inha universitetida qabul boʻlimi mudiri lavozimida ishlaganman. 2018-yilda menga Akfa universitetini tashkil etish loyihasiga rahbarlik qilishni taklif qilishdi va 2019-yilda universitet ochilgandan soʻng ushbu universitetga rektor etib tayinlandim.
Joriy yilning 22-sentabr, juma kuni Akfa universiteti (hozirgi nomi “Central Asian University”, bundan keyin “Universitet” deb yuritiladi) rahbariyati tomonidan menga va boshqa bir qancha sobiq xodimlarga nisbatan asossiz, yaʼni universitet mablagʻlarini noqonuniy oʻzlashtirish ayblovlari qoyilgani munosabati bilan ushbu murojaatni yozishga qaror qildim.
Universitetning hozirgi rahbariyati meni 2015-yilda oʻzim asos solgan “Study for Success” kompaniyasidan Akfa universiteti bilan oʻzaro manfaatli bitim tuzishda, universitet taʼsischilarining oldindan roziligini olmasdan foydalanganlikda ayblamoqda.
“Study for Success” MChJ 2015 yildan beri taʼlim xizmatlarini (litsenziya asosida) koʻrsatib kelmoqda va talabalarni Toshkent shahridagi yetakchi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga tayyorlash bilan shugʻullanadi.
2021-yildan boshlab “Study for Success” MChJ respublikaning boshqa koʻplab taʼlim markazlari singari universitet bilan memorandum va hamkorlik shartnomasi asosida potensial talabalarni Universitetga, jumladan, ʼʼPart timeʼʼ dasturi doirasida tayyorlagan hamda qabul imtihonlarini tashkil etgan.
Yuqorida qayd etilgan hujjatlarga koʻra, Akfa universiteti “International Foundation Diploma for Higher Education Studies” dasturini (biz uni “Part-time” deb ataganimizdek) muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarga birinchi bosqichni oʻqimasdan ikkinchi bosqichga qabul qilinishni kafolatlagan. Sababi mazkur tayyorgarlik kursi foundation year ga tenglashtirilgan.
Akfa universiteti muassislari, jumladan Jahongir Abidovich Ortiqxoʻjaevning oʻzi ham, taʼlim muassasasining boshqa ta’lim muassalari bilan hamkorligi haqida xabardor edi. Bundan tashqari, Jahongir Obidovichning jiyani Ortiqxoʻjaeva K. ham ushbu dasturda oʻqigan va oʻqish pulini Universitet hisobiga emas, balki “Study for Success”” MChJ hisobiga toʻlagan. Yuqoridagilarni inobatga olsak, ‘muassislar bundan bexabar edilar’ deyish notoʻgʻri.
Shuni taʼkidlashni istardimki, AKFA Universitet va boshqa oʻquv markazlari oʻrtasida ham “Study for Success” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga oʻxshash hujjatlar imzolangan. Shartnomalarga koʻra, ushbu oʻquv muassalarining kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar Akfa Universitetining 2-bosqichiga qabul qilingan. Biroq, yangi rahbariyat tomonidan oʻrnatilgan 2-bosqichga toʻgʻridan toʻgʻri oʻqishga qabul qilishni taqiqlash boshqa taʼlim muassasalardan “Part-time” dasturi boʻyicha Universitetga kirgan talabalarga hech qanday tarzda qoʻllanilmagan.
Eslatib oʻtaman, garchi yuridik maqomga ega va huquqiy tomondan rasmiylashtirilmagan boʻlmasa-da, oʻzini kuzatuv kengashi raisi deb tanishtirayotgan Abdujabbor Abduvohidov bilan universitet boshqaruvi siyosatida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar tufayli men Akfa Universiteti rektori lavozimidan ketganman. Bundan tashqari, 2023 yil yanvar oyining birinchi yarmida ishdan ketganimdan boshlab joriy yilning 22-sentyabrga qadar universitetning yangi rahbariyati “Part-time” dasturi boʻyicha oʻquv markazlari bilan hamkorlik boʻyicha hech qanday eʼtiroz bildirmagan.
Qolaversa, mazkur talabalar 2023-yilning bahorgi semestrida universitet hududida hech qanday toʻsiqlarsiz tahsil olishgan va semestr yakunida, yaʼni 2023-yil iyun oyida universitetning amaldagi rektori Kamron Gʻulomovning buyrugʻi bilan keyingi bosqichga oʻtkazilgan yoki 2-bosqichga oʻqishga qabul qilingan.
Mazkur buyruq asosida ʼʼStudy for Successʼʼ talabalari universitetning 2-bosqichiga oʻqishga qabul qilinganliklari toʻgʻrisida xabardor qilinganlar.
22-sentabr kuni boʻlib oʻtgan ota-onalar bilan uchrashuvda, Kamron Gʻulomov bunday buyruq borligini avval rad etgan. Buyruq unga koʻrsatilgach, u nimaga imzo qoʻyganidan xabari yoʻqligini aytgan. Keyinchalik esa, u buyruqqa imzo aldov yoʻli bilan olinganligini aytgan. Va holanki, Kamron Gʻulomovga hujjatlarni imzoga uning odami tegishli tekshiruvlardan keyin olib kirishini taʼkidlash lozim.
Aslini olganda, bu masalani yangi rahbariyat faqat mening obroʻimga, “Study for Success” MChJ obroʻsiga va hozirda men faol ish olib borayotgan yangi universitet tashkil qilish boʻyicha yangi loyihaning obroʻsiga putur yetkazish uchun koʻtargan. Agar ularning ayblovlari mantiqiy va qonuniy asosli boʻlsa, unda mantiqiy savol tugʻiladi: nega Universitetning yangi rahbariyati ishdan boʻshatilganimdan boshlab 2023-yil 22-sentabrgacha ʼʼpart-timeʼʼ dasturini yopish va taʼlim markazlari bilan hamkorlikni toʻxtatish masalasini koʻtarmadi?
Bundan tashqari, 2022-yil noyabr oyidan boshlab, shuningdek, ishdan boʻshatilganimdan soʻng taʼsischi vakillari tomonidan tashqi ekspertlarni jalb qilgan holda Universitet faoliyatida qayta-qayta audit, jumladan, moliyaviy audit oʻtkazilgan. Ushbu tekshiruvlar natijasida hech qanday qonunbuzarliklar aniqlanmagan.
2018-yildan 2023-yil yanvarigacha qiyinchiliklarga, muassislar tomonidan vaʼda qilingan mablagʻlar ajratilmaganiga qaramay, ushbu universitetni tashkil etish va rivojlantirish yoʻlida vijdonan va halol mehnat qildim. Dastlab muassislar ushbu loyihani amalga oshirish uchun 100 million dollar ajratishlarini vaʼda qilishgan edi. Biroq, oxir-oqibat, ushbu mablagʻning hatto ⅓ qismi ham loyihaga kiritilmadi. Shu munosabat bilan loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish uchun universitet kredit olishga majbur boʻldi hamda kredit hamda foizlari oʻrnatilgan muddatlarda universitet tomonidan mustaqil ravishda toʻlab borildi.
“Akfa” kompaniyalar guruhi vakillari hech qanday moliyaviy yordam koʻrsatmadilar. Vaziyat shunga yetib bordiki men universitetga 100 000 AQSh dollari miqdoridagi oʻz mablagʻimni yoʻnaltirishga toʻgʻri keldi. Bu mablagʻlarga men 2021 yildan hozirgi kungacha universitet hududida faoliyat yuritayotgan talabalar turar joyi uchun mebel va jihozlar sotib oldim..
Men rektorlik lavozimidan ozod etilganim va Abdujabbor Abduvaxitov (Jahongir Obidovichning qudasi) universitet hayotiga faol aralashuvi boshlangach, Universitetni moliyalashtirishga yondashuvda oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Jahongir Obidovich Ortiqxoʻjaevning korxonalari universitetdagi oʻquv jarayoni uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, kitoblar va oʻquv materiallarini xarid qilish uchun faol mablagʻ ajratishni boshladi.
Yana bir tendensiya kuzatildi, Abdujabbor Abduvaxitov kelishi bilan universitet xodimlaridan sifat uchun emas, balki miqdor uchun ishlashni talab qila boshladi va men iqtibos keltiraman: “Shu yerda pul qilsak boʻladiyu”. Uning iltimosiga koʻra, bir qancha fakultetlar, jumladan, oʻsha paytda litsenziya asosida faoliyat yuritgan Ingliz tili filologiyasi fakulteti, unda anchagina talabalar tahsil olayotganiga qaramay, yopildi. Professorlar, talabalar va ularning ota-onalari bu haqiqatni tasdiqlashlari mumkin. Talabalarning ota-onalari darslar oʻtkazilmayotganligi va malakali oʻqituvchilarning yoʻqligi, mavjud taʼlim dasturlari tushuntirishsiz yopilganligi va boshqa masalalarga eʼtiroz bildirib Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ariza yozishganlar.
Shu oʻrinda taʼkidlashim kerakki, universitetdagi rektor lavozimidagi faoliyatim davomida taʼsischi menga taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha qatʼiy talablar qoʻygan edi. Bu talablardan biri Universitetni xalqaro darajaga koʻtarish va 5 yil ichida universitetni Times Higher Education mezonlari boʻyicha dunyoning eng yaxshi 1000 ta universitetlari reytingiga kiritish kerakli choralarni koʻrish edi. Shu munosabat bilan Abdujabbor Abduvaxitov bilan oʻrtamizda tez-tez nizolar yuzaga kela boshladi.
Ana shunday mojarolardan birida Abdujabbor Abduvohidov mendan aynan xalqaro standartlarga mos ravishda (musulmonlar, nasroniylar va buddistlar uchun) qurilgan ibodatxonalarni yopishimni talab qildi. Biroq, talabalar xavfsizligi uchun men universitet rektori sifatida bu xonalarni yopishni nooʻrin deb hisobladim, chunki bu holda talabalar dars vaqtida namoz oʻqish uchun universitet hududidan chiqib ketishadi. Ushbu mojaroda Abdujabbor Abduvaxitov menga nisbatan behayo soʻzlarni ishlatib, hamkasblarim oldida shaʼnim va qadr-qimmatimni kamsitdi, hatto jismoniy zoʻravonlik bilan tahdid qildi. Bu voqeadan keyin men Akfa universitetida ishlashni toʻxtatishga qaror qildim.
Videosi internetda keng tarqalgan Central Asian Universityda 21-sentabr kuni tashkil etilgan ota-onalar majlisida Abdujabbor Abduvaxitov ota-onalarni menga qarshi prokuraturaga ariza yozishga chaqirgan va xattotki ota-onalarni prokuraturaga olib borish uchun avtobus xizmatini tashkil qilgan. U, shuningdek, Mening tanishlarimga, Universitet xodimlariga va Akfa bosh ofisi xodimlariga meni jinoiy muassasaga (qamoqqa) joylashtirmaguncha tinchlanmasligini aytgan.
Abdujabbor Abduvohidov oʻz aloqalaridan foydalanib, prokurorlarni menga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatishga tom maʼnoda majburlagan. May oyida meni prokuratura soxta ayblov, yaʼni universitet mablagʻlarini oʻgʻirlash boʻyicha bir necha bor soʻroq qilishdi. Bu ayblovlar isbotini topmadi. Iyun oyida huquq-tartibot idoralari xodimlari mening diniy va siyosiy ekstremistik islomiy harakatlarga aloqadorligim yuzasidan tekshiruv oʻtkazdilar. Biroq bu ayblov ham tasdiqlanmadi. Qolaversa, A.Abduvohidov universitetning hozirda sobiq xodimlarini mening ustimdan ariza yozishni talab qilgan. Talabni bajarmagan xodimlarni ishdan boʻshatish bilan qoʻrqitgan. Sobiq xodimlarning yangi rahbariyat bilan yuzaga kelgan ziddiyatlari haqida videolarga havolalar (1 va 2).
Mazkur universitet xodimlari tomonidan A.Abduvohidovning ishdan boʻshatish bilan bogʻliq tahdidlari yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaatlari mavjud. Ajablanarlisi shundaki, bu arizalar qandaydir tarzda Mirzo Ulugbek prokuratura devorlari ichida yoʻqolganligi maʼlum boʻldi. Biroq, dalil sifatida menda ushbu prokuratura devonxonasi tomonidan qabul qilingan (muhrlangan) arizalarning nusxalari bor.
Shu bilan birga Abduvaxitov meni noqonuniy mitinglar uyushtirganlikda ayblamoqchi boʻldi. U universitet talabalarini menga qarshi qayrash maqsadida majlis oʻtkazgan. Talabalarni menga qarshi qila olmaganidan soʻng, meni odamlarni mitingga toʻplaganim va huquqni muhofaza qilish organlaridan meni hibsga olishni talab qiladi.
Men huquq-tartibot idoralariga borib, Abduvaxitov odamlarni yigʻib, menga qarshi ishlatayotganini tushuntirishga toʻgʻri keldi.
Abdujabbor Abduvaxitovning yagona maqsadi mening obroʻyimga dogʻ tushirish, faoliyatimga zarar yetkazishdir. Oʻz maqsadiga erishish uchun bu odam har qanday kuchlardan va harakatlardan foydalanadi hamda hech narsada toʻxtamaydi. Meni boshqalar ishga qabul qilinmasliklari uchun Abduvoxitov men haqimda yolgʻon maʼlumotlar tarqatgan.
Abdujabbor Abduvaxitovdan universitet rivojiga eʼtibor qaratishni, universitet nomi oʻzgarganligi sababli bekor qilingan litsenziyani qaytadan olishga, universitetning sobiq xodimlarining loyihalarini rivojlantirishga qarshi chiqib, zarar-kundalik bilan shugʻullanmaslikni soʻrayman. Yodingizda boʻlsin, xalqda juda dono naql bor: “Kim birovga choh qazisa oʻzi tushadi”.
Men A. Abduvaxitov menga qo‘yilgan asossiz barcha ayblovlar va haqoratlar uchun omma oldida kechirim so'rashini talab qilaman.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovichdan mening va oilamning Oʻzbekiston Respublikasi hududida xavfsizligini taʼminlashni soʻrayman. Sizni ishontirib aytamanki, mening yagona maqsadim xalqimiz va butun davlatimiz uchun taʼlim sohasida foyda keltirish.
Shuningdek, Oʻzbekiston xalqidan, birinchi navbatda, mavjud vaziyatdan jabrlangan talabalarning ota-onalarini ommaviy axborot vositalaridagi mish-mishlar va tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ishonmasliklarini soʻrayman.
Ommaviy axborot vositalaridan birovni obroʻ va shaʼniga putur yetkazuvchi maʼlumotlarni chop etishdan avval vaziyatni oʻrganishni va ikkinchi tomonning ham fikrini/pozitsiyasini oʻrganishni soʻrab qolaman", - deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91101 | Инструменты