Huawei 1
Ozarbayjonda “Barakat” o‘zbek restoranining yangi filiali ochildi

Kuni kecha Ozarbayjon poytaxti Bokudan 35 km masofada joylashgan Apsheronning go‘zal hududlaridan biri — Mardakan qishlog‘ida mashhur o‘zbek restorani “Barakat”ning yangi filiali ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xorijiy davlatlar elchilari, diplomatik korpus vakillari, shuningdek, Boku shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ko‘plab mehmonlar ishtirok etdilar.

O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi B.Ashrafxanov o‘z chiqishida mazkur tadbirning muhim ramziy ahamiyatga egaligini taʼkidladi. Chunki u nafaqat O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni bayrami arafasida, balki O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tkazilmoqda. Elchi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ilhom Aliyev o‘rtasidagi samimiy do‘stona munosabatlar ikki davlat aloqalariga kuchli turtki berganini qayd etdi.

“Barakat” restorani nafaqat gastronomiya sohasida, balki madaniy ko‘prik sifatida ham xizmat qiladi. Ushbu maskan orqali ozarbayjonlik birodarlarimiz va xorijiy mehmonlar o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘lib, xalqimizga xos mehmondo‘stlik, qadriyat va anʼanalarga yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Tantanali dasturda o‘zbek milliy qo‘shiqlari ijro etildi, O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida videoroliklar namoyish qilindi hamda milliy-amaliy sanʼat buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

“Barakat” so‘zi o‘zbek tilida farovonlik va baraka maʼnolarini anglatadi. Mazkur ochilish marosimi ham O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik, tinchlik va farovonlik qadriyatlarini yana bir bor tasdiqladi.

Mardakanda ochilgan “Barakat” restoranining yangi filiali ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga, madaniy aloqalarni kengaytirishga va o‘zbek milliy taomlari hamda sanʼatini Ozarbayjonda keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91020 | Инструменты