“Ashxobod”dagi vaziyat ortidan bog‘ direktori, uning o‘rinbosari va reklama bo‘limi boshlig‘i 15 sutkaga qamaldi

“Ashxobod”dagi vaziyat ortidan bog‘ direktori, uning o‘rinbosari va reklama bo‘limi boshlig‘iga 15 sutka qamoq jazosi berildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qildi

Ma’lum qilinishicha, 1-iyun kuni soat 12:00 da Toshkent shahridagi “Ashxobod” ko‘ngilochar bog‘ida tekinga 20 mingta o‘yinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqida bog‘ ma’muriyati tomonidan ijtimoiy tarmoqda reklama chiqarilgan. Biroq bir vaqtning o‘zida o‘yinchoq oluvchi va kuzatuvchilar bilan taxminan 40 ming nafar fuqaroni bog‘ hududida jamlashning imkoni bo‘lmasligi, yo‘l harakati va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash talablarga javob bermasligi sababli bu tadbirni o‘tkazmaslik haqida bog‘ rahbariyati ogohlantirilgan.

Lekin bog‘ ma’muriyati ommaviy tadbirlarni o‘tkazish talablariga rioya etmasdan, tekinga o‘yinchoqlar tarqatilishi haqidagi reklamani ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, bog‘ hududida va uning atrofida aholini ommaviy ravishda to‘planishiga sababchi bo‘lgan va bu harakati orqali fuqarolarga xavf tug‘dirgan.

Natijada bog‘ hududidiga kirish/chiqish va ayrim ichki yo‘nalishlarida tiqilinch vaziyat hamda boqqa olib keluvchi va yaqin avtomobil yo‘nalishlarida tirbandliklar yuzaga keldi.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning sa’y-harakati bilan bu tirbandliklar bartaraf etilib, fuqarolar tinch tarqatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan bog‘ direktori — 1981-yilda tug‘ilgan A.N., direktor o‘rinbosari — 1987-yilda tug‘ilgan A.Z. va reklama bo‘limi boshlig‘i — 1994-yilda tug‘ilgan D.T.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185-3, 200-1 va 201-moddalariga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ushbu fuqarolarga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

IIBB ommaviy tadbirni o‘tkazishga ruxsat olish uchun bir oy oldin murojaat qilish lozimligini, ruxsat berilmagan ommaviy  tadbirni o‘tkazish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishini bildirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70413 | Инструменты