Oʻzbekiston ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Samarqandda boʻlib oʻtgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi doirasida “UzReport” jurnalisti Dilafruz Kulmatovaga bergan intervyusida Oʻzbekiston turizmini rivojlantirish sohasi xususida fikrlarini bildirib oʻtdi.
Vazir soʻnggi kunlarda turli mamlakatlar turizm vazirlari va turizm mutaxassislari bilan bilan muloqotda boʻlgani, ular bir necha bora Oʻzbekistonning ushbu sohada katta imkoniyatlari borligini taʼkidlab oʻtganini aytdi.
“Biz buni yirik biznesga aylantirish nuqtayi nazaridan transport-logistika tizimini takomillashtirishimiz kerak. Oʻzbekistonga tashrif buyurish, sayohat qilish juda ham oson boʻlishi lozim. Yirik shaharlardan toʻgʻridan-toʻgʻri aviqatnovlar tashkil qilishda aviachipta narxlari mijozlarga qulay boʻlishini taʼminlash lozim. Aviachiptalarimiz qimmat boʻlsa hech kim Oʻzbekistonga kelmaydi. Afsuski, hozir ham solishtirganda ayrim qoʻshni davlatlarda bir xil yoʻnalishdagi aviachiptalar narxida farq bor. Shu narsalar ham turistik sektorimizning jozibadorligiga negativ taʼsirini oʻtkazadi. Shu narsalar ustidan ishlashimiz kerak.
Ikkinchi masala, har bir kelgan turistning ehtiyojlarini qondirish kerak. Koʻpchilik shoppingga qiziqadi. Ayniqsa Oʻzbekistonning yirik turistik markazlarida biz katta-katta savdo majmualarida qimmatbaho mahsulotlar bilan birgalikda, oʻzimizning mahalliy mahsulotlarimizni, yaʼni har bir turist toifasiga mos keladigan mahsulotlar savdosini tashkil qilish kerak.
Yana bir muhim yoʻnalish, mehmonxonalar masalasi. Hozir bizda asosan milliy mehmonxonalar faoliyat olib bormoqda. Turli toifadagi turistlar bor. Ayrimlari yuqori toifali servisni istashadi. Ular uchun besh yulduzli, eng yuqori servisni koʻrsatadigan mehmonxonalar tarmoqlari bilan kelishuvga erishishimiz kerak”, - deydi Aziz Abduhakimov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40406 | Инструменты