Axsikentda XI asrga oid yangi topilma topildi

Arxeologlar yer osti inshootiga duch keldilar. Qazuv ishlari davom etgani sayin betakror yo‘lak va zinalar orqali qaʼrga tushib borilmoqda

Maydoni 100 gektarni tashkil etuvchi arxeologik yodgorlikning XI qazuv obyektida aniqlangan ushbu butun inshoot arxeolog olimlar tomonidan o‘rganilmoqda.

- Pishiq g‘ishtdan qurilgan, maxsus yo‘lak orqali zinalardan tushiladigan, arka shaklida qurilgan bu topilma juda yaxshi saqlangan. Zinalar orqali pastga tushadigan bu inshootlardan nima maqsadda foydalanishgan.

Albatta buni atroflicha tadqiq qilish kerak. Dastlabki xulosalarga ko‘ra bu inshoot qimmatli mahsulotlar yoki oziq -ovqat mahsulotlari saqlash xonalari bo‘lganini tahmin qilmoqdamiz. Aniq maʼlumotlar qazuv to‘la yakunlanganidan so‘ng beriladi, - deydi Axsikent Arxeologiya parki ilmiy xodimi, arxeolog Shukrullo Nasriddinov.

Hozirda qazish ishlari davom etmoqda yer osti xonasi to‘la ochilgandan so‘ng uning o‘lchamlariga aniqlik kiritiladi.

- Axsikent arxeologiya yodgorligida 1979 yildan boshlab arxeolog olim Abdulhamid Anorboyev rahbarligida doimiy arxeologiya qazuv ishlari olib borilmoqda. Shu kungacha 24 ta qazuv obyektida tadqiqotlar olib borilgan. Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov tashabbusi bilan 2024 yilda arxeologik izlanishlar yana-da jadal surʼat oldi, - deydi Axsikent arxeologiya parki direktori Anvar Ikrom.

Axsikentda 10-12 asrlarga oid aholi turar joylari qoldiqlari, mudofaa inshootlari, irrigatsiya tizimi qurilish qoldiqlari ko‘plab aniqlangan va aniqlanmoqda. Ular asosan pishiq va xom g‘ishtlardan, yog‘och sinchlardan qurilgan. Shuningdek qazish ishlari jarayonida yer ostida pishiq g‘ishtdan qurilgan maxsus inshoot qoldiqlari ham deyarli butun xolatda aniqlangan

Bunday inshootlarning baʼzilari yer osti suv inshootini faoliyatini nazorat qilish uchun qurilgan kuzatuv punktlari vazifasini bajargan bo‘lsa yana baʼzilari turar joylarda yerto‘la omborxona sifatida foydalanilganligi, baʼzi yer osti inshootlari esa pishiq g‘ishtlardan maxsus xonalar ekanligi aniqlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52622 | Инструменты