Huawei 2
Bazalt asosli mahsulotlarni iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘llash samaradorligi

Joriy yilning 26-aprel kuni Jizzax viloyati Forish tumanida shu mavzuda tashkil etilgan xalqaro forum yirik buyurtmachilar, qurilish korxonalari, loyihalash institutlari va boshqa manfaatdor vazirlik, idoralar vakillari, mahalliy va xorijiy ishbilarmonlar uchun qimmatli ma’lumotlar, manfaatli bitimlar hamda qizg‘in muloqotlarga boy bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-9-aprel kunlari Jizzax viloyatiga tashrifida “Basalt Uzbekistan” klasteri faoliyati misolida bazalt mahsulotlari afzalliklarini keng targ‘ib etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish hamda tashqi bozorga chiqishni yanada faollashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Shunga ko‘ra O‘zsanoatqurilishbank va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro forum ishtirokchilar uchun tajriba almashish hamda samarali hamkorlik o‘rnatish maydoniga aylandi.

– Forish tumani Osmonsoy konidagi qimmatli topilma – bazalt toshlari mamlakatimiz sanoat tarmog‘i uchun muhim voqelik bo‘ldi, – deydi 

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi maslahatchisi Bahodir Ismailov. – “Basalt Uzbekistan” klasteri tashabbuskorlari tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar esa, yurtimizda ushbu turdagi yangi konlarni aniqlashga turtki berdi. Bugungi kunda O‘zbekiston hududida jami 17 ta (345,9 mln. tn) mineral tola ishlab chiqarish uchun bazalt xom ashyosi mavjud kon aniqlandi. Ularning 82 foiziga qazib olish huquqi berilgan bo‘lsa, qolgan konlarni o‘zlashtirish ishlari olib borilmoqda. Jizzax (30,3 mln. tn), Qoraqalpog‘iston (2,2 mln. tn), Navoiy (2,6 mln. tn), Namangan (310,6 mln. tn) va Samarqand viloyati (0,2 mln. tn)dagi konlar shular sirasiga kiradi.

Respublikada yillik quvvati 194 ming tonnalik bazalt toshidan issiqlik saqlovchi mineral plitalar, 16 ming tonnalik bazalt tolasi va fibra, 2 ming tonnalik bazalt armaturasi, 5 ming tonnalik kompozit quvurlar va 9 ming tonnalik kompozit geosetkalar ishlab chiqaruvchi 9 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan biri – Forish tumanida 46,8 gektar maydonni egallagan “Basalt Uzbekistan” klasteridir.

Forumda klasterning bugungi imkoniyatlari hamda rejalari taqdimot qilindi. Yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan olinayotgan maxsus tola va uning asosida ishlab chiqarilayotgan 42 turdagi mahsulotlarning 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilinayotgani ko‘pchilik e’tiborini tortdi.

– Mamlakat Prezidentining sohani ilmiy tomonlama rivojlantirish borasida bergan ko‘rsatmalari tahsinga loyiq, zero, har qanday kashfiyot va taraqqiyot ilm-fan asosida yuzaga keladi. – deydi Koreya muhandislik va qurilish texnologiyalari instituti professori Kim Xong Sop. – Faoliyatimiz qurilish va qurilish materiallari sohasida amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga asoslangan. O‘tgan yilda jamoamiz tomonidan qariyb 140 mln. Dollarlik ilmiy izlanishlar olib borildi. O‘zbekistonda ham “R&D tadqiqotlar markazi”ni tashkil etib, ishlab chiqarish korxonalari hamda olimlar o‘rtasida “aloqa zanjiri”ni ta’minlash harakatidamiz. Bu sanoat rivojini 5-10 yilga tezlashtiradi, mahalliylashtirishni kuchaytiradi, ilg‘or texnologiyalarni mahalliy sharoitda qo‘llash samaradorligini oshiradi.

Forum dasturiga ko‘ra ishtirokchilar O‘zbekistonda bazalt asosida innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish holati va istiqbollari bilan tanishtirildi.

Mahsulot sifati va xususiyatlari, laboratoriya sinovlari va sertifikatlash, logistika kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bu borada jahon standartlari, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izlanishlar va yangiliklar, ilg‘or texnologiya va uskunalar haqida taqdimot namoyish etildi.

– Klasterimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan bazalt tolasi hamda bazalt asosidagi mahsulotlar issiq va sovuqqa o‘ta bardoshli, yengil va mustahkamligi bois xorijiy davlatlarda sanoat va xalq xo‘jaligining ko‘pgina sohalarida keng qo‘llaniladi, – deydi “Basalt Uzbekistan” kompaniyasi tijorat direktori Temur Mamadaminov. – Forum doirasida mahsulotlar afzalliklari mahalliy quruvchi, loyihachi va buyurtmachilarga ham yaqindan tanishtirildi, ularni jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan korxonamiz mahsulotlaridan samarali foydalanishga undadi, to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar ulashildi.

Tadqiqotchi olimlar ishtiroki forum ahamiyatini yanada oshirdi. Ular tomonidan bazalt mahsulotlarining fizik-mexanik xossalarini kuchaytirish bo‘yicha berilgan tavsiyalar barcha uchun qiziqarli kechdi.

Umuman, forum ishi davomida ilm-fan har qanday sohada sifatni oshirish, ishlab chiqarish korxonalarida tadqiqot ehtiyojini qanoatlantirish va texnologik jihatdan tirgak bo‘lishini yana bir bor isbotladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga