Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, saraton dunyodagi o‘lim holatlarining asosiy sabablaridan biri bo‘lib, 2020-yilda undan deyarli 10 million nafar inson olamdan o‘tgan, bu har olti o‘limdan bittasi degani.
Ho‘sh, ushbu kasallikning kelib chiqishiga nima sabab bo‘ladi va ularning oldini olish mumkinmi?
Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Olimjon Imomov gapirib berdi:
— Kasallik sabablardan biri — saraton keltirib chiqaruvchi kanserogen moddalar. Iste’mol qiladigan ovqat va ichimliklar tarkibida, nafas oladigan havoda yoki tamaki tutunida ko‘plab zaharli kanserogen moddalar mavjud. Shu sababli, tabiiy, sog‘lom ovqatlanish, zararli odatlar, ya’ni tamaki, nos va chilim chekishdan voz kechish, atrof muhitni, havoni ozoda saqlash — onkologik kasalliklar bilan kasallanish ehtimolini bir necha 10 barobarga kamaytiradi.
Keyingi sabab — inson tanasidagi o‘sma oldi kasalliklari va turli surunkali xastaliklardir. Agar biz o‘z vaqtida profilaktik ko‘riklardan o‘tib tursak, va aniqlangan o‘sma oldi kasalliklari hamda surunkali xastaliklarni samarali davolab, ularni bartaraf qilsak, albatta, keyinchalik saraton bilan kasallanish ehtimolining oldini olgan bo‘lamiz.
Shuningdek, turli virusli va bakterial kasalliklar ham ba’zi saraton turlarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Masalan, gepatit V va S viruslari jigar saratoniga, Epshteyn-Barr virusi limfomalarga, Xelikobakter pilori bakteriyasi me’da saratoniga, Odam papillomasi virusi bachadon bo‘yni saratoniga sababchi bo‘ladi. Shu sababli, ushbu infeksion kasalliklarga qarshi kurash, shu jumladan, ularga qarshi emlanish, bu saraton turlarini karrasiga kamayishiga olib keladi.
Stress ham turli onkologik kasalliklarga olib keluvchi sabablardan biri bo‘lib, to‘g‘ri turmush tarzini kechirish, yaxshi hordiq chiqarish, hayot ritmini tartibga solish orqali onkologik kasalliklarga chalinishning oldini olish mumkin.
Kam harakatlilik va semirish ham ko‘pchilik onkologik kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun sog‘lom turmush tarzini kechirish, sog‘lom ovqatlanish, badantarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanish saraton kasalligi profilaktikasi hisoblanadi.
Bundan tashqari, sog‘lom ovqatlanishga e’tibor berish turli oshqozon-ichak onkologik kasalliklari, endokrin a’zolar o‘smalarining oldini oladi. Juda achchiq, sho‘r, o‘ta shirin va turli kimyoviy moddalar bilan ishlov berilgan taomlar iste’molini cheklash, me’yorga rioya qilish tavsiya etiladi.
Umuman olganda, sog‘lom ovqatlanish, atmosfera havosi tozaligiga e’tibor berish, sog‘lom turmush tarzini kechirish, zararli odatlardan voz kechish, jismoniy faollik, yuqori tibbiy madaniyat, ruhiy xotirjamlik kabi fazilatlarga boy hayot kechirish insonni onkologik kasalliklar bilan og‘rish ehtimolini bir necha 10 barobarga kamaytiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122405 | Инструменты