Huawei 2
"Bemor bergan mablag‘ni e’tirof etish mamlakat siyosatiga zid" — Antikorrupsiya agentligi jamoatchilik kengashi SSV rahbarining taklifiga munosabat bildirdi

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda shifokorlarning sharoitini yaxshilash korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilishi to‘g‘risidagi taklifga Sog‘liqni saqlash vazirining “Bemorga mehr bilan yondoshsangiz, rozi bo‘lib, o‘zi sizga berib ketadi” degan gaplari ko'plab muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Vazirning ushbu taklifiga nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi rasmiy munosabat bildirdi.

Ta'kidlanishicha, jamoatchilik kengashi SSV rahbariyatining korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha boshlagan ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Lekin shifokorlarni rag‘batlantirish yo‘llaridan biri sifatida bemorlar bergan mablag‘ning e’tirof etilishi qonunchilikka va mamlakatda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid harakat sifatida qayd etildi.

"Mazkur taklif tizimda korrupsiyaviy jinoyatlar sonining ortishiga hamda shifokor kasbi mavqeining pasayishiga, sog‘liqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo‘ladi", - deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, SSV va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining qo‘shma bayonotida «Tibbiyot xodimlariga munosib mehnat sharoitini yaratish va daromadini oshirish, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, bunda, tibbiyot xodimlari malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi, murakkablik darajasi va sifatiga qarab mehnatga haq to‘lashning toifalangan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish» belgilangan.

Jamoatchilik kengashi shifokorlarni rag‘batlantirishda bemorlardan pul olish singari (ixtiyoriy yoki ixtiyoriy emasligidan qat’i nazar) noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etish hamda haq to‘lashning toifalangan mexanizmini joriy etish vazirlikning asosiy maqsadi bo‘lishi lozimligini bildirdi.

Shuningdek, ushbu masala ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini ma’lum qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga